Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻz joniga qasd qilayotgan yoshlar: bunga nima sabab boʻlmoqda?
12:27 / 2020-08-28

Suiqasd, bu - dunyo boʻyicha 15 yoshdan 29 yoshgacha boʻlganlar oʻlimiga sabab boʻluvchi ikkinchi omildir.


Bugungi kunga kelib yoshlar oʻrtasida oʻz joniga qasd qilish holatlari oshib borayotganligi qanchalik haqiqat? 

Keling, buni bilish uchun siz bilan oʻz joniga qasd qilish (suiqasd) bilan bogʻliq statistikalar bilan tanishib chiqsak. Suiqasd, bu - dunyo boʻyicha 15 yoshdan 29 yoshgacha boʻlganlar oʻlimiga sabab boʻluvchi ikkinchi omildir. 

Bunga xohish, asosan, yoshlarda ruhiy oʻzgarishlar paytida paydo boʻladi. Jahon Sogʻliqni Saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, har yili dunyo boʻyicha 1 milliondan ortiq odam oʻz joniga qasd qiladi. Bu har 40 daqiqada bir odam degani. Bu holat, ayniqsa, soʻnggi 45 yil ichida oʻzining avj pallasiga chiqqan. Oʻz joniga qasd qilish boʻyicha AQSH mamlakatlar oʻrtasida birinchi oʻrinda.

 Maʼlumotlarga koʻra, AQSHda oʻz joniga qasd qiluvchilar oʻq otar qurollardan (52,1 %), oʻzini osish va boʻgʻish (22,2 %), zaharlanish (17,6 %) va boshqa metodlardan (8,1 %) foydalanishadi. 2019-yilda Jahon Sogʻliqni Saqlash tashkiloti oʻz joniga qasd qilish darajasi eng yuqori davlatlar oʻntaligini tuzib chiqdi. Natijada qoʻshni Qozogʻiston Respublikasini 4-oʻrinda turganini koʻrish mumkin. Markaziy Osiyo boʻyicha shakllantirilgan roʻyxatda esa Oʻzbekiston Qozogʻistondan keyingi oʻrinni egallamoqda. Aniqlanishicha, oʻz joniga qasd qilish holatlari aholi yashash darajasi past mamlakatlarda koʻproq kuzatiladi. Bundan tashqari, oʻz joniga qasd qilganlarning 70 foizi sogʻlom boʻlib, ular, asosan qishloqlarda yashaydi.

Olimlarning aniqlashicha, hozirgi zamon oʻsmirlarida oʻz hayoti va oilasidan qoniqmaslik hissi darajasi ancha oshib ketgan. Oʻzini baxtsiz deb hisoblash, oʻziga nisbatan eʼtiborsizlikdan qiynalish, oʻz qoʻlidan hech nima kelmasligini oʻylash oxir-oqibat oʻsmirlarning jiddiy stressga uchrashiga sabab boʻladi. Buning oxiri esa aksariyat hollarda oʻz joniga qasd qilish bilan yakun topadi. Hozirgi vaqtda psixologlarga boʻlgan talabning oshib borishi ham ayni sababdan.

Xoʻsh, suitsid holatlarini bartaraf etish uchun nima qilish kerak? Yetilib kelayotgan yoshlarda oilaga va hayotga nisbatan muhabbat hissini shakllantirish lozim. Ularning vaqtini toʻgʻri taqsimlash, boʻsh vaqtini imkon qadar qoldirmaslik, ota-onalar tomonidan ularni yaxshi koʻrishi va ishonchi kattaligini har kun takrorlab turish, imkon qadar ular bilan koʻproq vaqt oʻtkazish kerak. Bolalar bilan sirdosh boʻlish va ularning muammolarini ustidan kulmagan holda yechishga koʻmaklashish yoshlarda men shaxsman degan tuygʻuni shakllantirish va oʻziga nisbatan ishonchni oshirishga ham yordam berish lozim.

Aks holda, biz baxtli kelajak avlod toʻgʻrisidagi xayollarni surish bilan band boʻlganimizda, yoshlarimiz oʻz ildiziga bolta urayotganini payqamay qolamiz.

Maʼlumot oʻrnida, oʻz joniga qasd qilish rasmiy tilda Suitsid (lotincha suisayedere oʻzini oʻldirmoq) deb ataladi. Jahon Sogʻliqni Saqlash tashkiloti 2003-yildan beri har yilning 10-sentyabrini “Oʻz joniga qasd qilishlarning oldini olish kuni” sifatida nishonlaydi.