Oʻz ishiga sovuqqon qaragan shifokorga jazo tayinlandi
Jinoyat ishlari boʻyicha Sirdaryo tuman sudi tez tibbiy yordam xodimi Akramova Mahorat Fazilovnaga nisbatan ochilgan jinoyat ishini koʻrib chiqdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Sirdaryo tuman sudi tez tibbiy yordam xodimi Akramova Mahorat Fazilovnaga nisbatan ochilgan jinoyat ishini koʻrib chiqdi.
Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 18-may kuni soat 15:00 larda Sirdaryo tuman tez tibbiy yordam boʻlimiga Sirdaryo shahar, “Furqat” mahallasi, Oydin yoʻl koʻchasi, 86-uydan chaqiruv boʻladi.
Chaqiruvga asosan mazkur manzilga yetib borgan Sirdaryo tuman tez tibbiy yordam boʻlimi shifokori M.Akramova bir yarim yosh atrofidagi Ogʻabek Elmurodovning tana harorati koʻtarilib, sogʻligi yomonlashganligini koʻradi.
M.Akramova bemorning tana harorati 39ga koʻtarilganligini bila turib, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni Saqlash Vazirining 31.03.2017-yildagi 131-sonli buyrugʻida belgilangan qoidaga amal qilmaydi. U bemorning tana haroratini sovutishning fizik usullari, yaʼni suv bilan artib tana haroratini tushirish choralarini koʻrmasdan yoki uni gospitalizatsiya qilmasdan, beparvolik qilib analgin, supralgin va deksanitazon dorilarini belgilangan meʼyoridan ortiqcha ukol qiladi. Shuningdek, bemorning ukoldan keyingi holatini oʻrganmasdan hamda bolaga qilingan muolajadan soʻng tana haroratini qayta oʻlchab koʻrmay xonadondan darhol ketib qolgan. Natijada bola muolajadan koʻp vaqt oʻtmay anafilaktik shok holatiga tushib vafot etgan.
Ushbu holat boʻyicha, sud taraflarning koʻrsatuvlarini tinglab, ish materiallarini atroflicha taftish qilib, taraflar muzokarasini va sudlanuvchining oxirgi soʻzini eshitib hukmni oʻqib eshittirdi.
Hukmga asosan, M.Akramova Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib sudlanuvchiga nisbatan qonuniy jazo tayinlandi.