O‘ynab emas, o‘ylab gapirishni qachon o‘rganamiz?
Aslida hodisa qanday yuz bergan edi?
Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 9 oktabr kuni Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida “Surxondaryoda YPX xodimi YTXga uchradi, bunga kim aybdor?”, “Qumqo‘rg‘onda haydovchilar va YPX o‘rtasida juda katta janjal kelib chiqdi” sarlavhasi bilan videolavhalar tarqatildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ushbu voqea noto‘g‘ri talqin etilganini aytib, o‘z munosabatini bildirdi.
Aslida hodisa qanday yuz bergan edi?
Shu yilning 8 oktabr kuni Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Oqsoy” mahallasi hududidan o‘tuvchi M-41 avtomobil yo‘lining 154 kilometrida tumandagi “Gultepa“ mahallasida yashovchi fuqaro Ziyodullo Mirzaev o‘ziga tegishli “VAZ-2106” rusumli davlat raqami 75X 657 KA avtomashinasini “Denov-Termiz” yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib kelib, belgilangan joydan qayrilish uchun to‘xtab turganida Jarqo‘rg‘on tumani “Ismoiltepa” mahallasida yashovchi fuqaro Bekzod Umarov boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli davlat raqami 75N250 NA avtomashinasi bilan orqasidan kelib, chap tomoni bilan urib yuboradi va yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib qoladi. Shu vaqtda ushbu avtomashina bilan bir yo‘nalishda kelayotgan Surxondaryo viloyati IIB YHXB YPX otryadi to‘rtinchi safarbar guruhi YPX inspektori, safdor Rustam Tursunaliev boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli 75/243 VSF davlat raqamli xizmat avtomashinasi bilan “VAZ-2106” rusumli davlat raqami 75X 657 KA avtomashinasining orqa o‘ng tomoniga borib urilishi natijasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi. Mazkur holat bo‘yicha haydovchi hamda yo‘lovchilar tan jarohati olmagan va shifoxonaga murojaat etmagan. Transport vositalariga moddiy zarar yetkazilgan, xolos. Shuningdek, haydovchilar va YPX xodimi o‘rtasida janjal kelib chiqqanligi ham o‘z isbotini topmadi. Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda safdor R.Tursunaliev xizmat hududida, xizmat kiyimi va hushyor holda bo‘lgani aniqlangan.
Videolavhada aks etgan odamlarning yugurayotgani bilan bog‘liq tasvirlar surishtirilganda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, voqea yuz bergach, “VAZ-2106” rusumli davlat raqami 75X 657 KA avtomashinasi haydovchisining akasi safdor R.Tursunalievning ko‘kragidagi jetonini olib qochganida, IIB xodimlari va hodisani kuzatib turgan fuqarolar uni ushlab, jetonni qaytarib olgan. YPX xodimiga topshirgan. Bundan anglashiladiki, mazkur videolavhalar voqeani bo‘rttirib, sun’iy shov-shuv ko‘tarish maqsadida amalga oshirilgan.
Ayni paytda ushbu holat bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tergovga qadar surishtiruv, viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.
Kezi kelganda shunga o‘xshash holatlarni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirayotgan bloger va boshqa fuqarolardan yuz bergan voqea-hodisani xaspo‘shlab, soxta obro‘ orttirish yoki asossiz shov-shuv ko‘tarish ketidan quvmasliklarini, o‘ynab so‘zlaganda ham o‘ylab gapirishlarini so‘raymiz.
Farhod TOShBOEV,
Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi
matbuot xizmati rahbari,
kapitan