English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻtov tiklashning 70 foiz mehnati ayollar qoʻli bilan yaratiladi
21:28 / 2020-06-19

Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Orolboʻyida ham milliy hunarmandchilik azaldan rivojlangan.


Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Orolboʻyida ham milliy hunarmandchilik azaldan rivojlangan. Ayniqsa, oilada qizlarga yoshligidan kashtachilikni oʻrgatish, yaratgan mahsuloti va mehnati bilan odamlarga naf keltirish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biriga aylangan.

Soʻnggi yillarda hunarmandchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning bandligini taʼminlash borasida ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Maryam Ahmedova rahbarligidagi ishchi guruh Chimboy tumanida hunarmand ayollar bilan uchrashib, ular tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Muammolarini oʻrgandi. Ustoz-shogird yoʻnalishida qishloq joylarda qizlarni hunarga oʻrgatish ishlarida yoʻl-yoʻriqlar va amaliy yordam berdi.

Uchrashuvlarda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy sanʼatini rivojlantirish, band boʻlmagan aholini, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam taʼminlangan oilalarni hunarmandchilikka keng jalb etish orqali ularning ish bilan bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ishchi guruh tomonidan qoʻlida hunari bor ayollarga imtiyozli kredit olishda, tadbirkor boʻlishlarida koʻmaklashish, imkoniyatdan kelib chiqib, ularning qiziqish va intilishlarini hisobga olgan holda kasb-hunar oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, bugungi kunda “ustoz-shogird” anʼanasi asosida xotin-qizlar, asosan, yosh qizlarga milliy hunarmandchiligimiz oʻrgatilmoqda.

Tumandagi “Ipak yoʻli” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Zadaxon Mirzamuratova qoraqalpoq xalqining oʻziga xos milliy qadriyatlaridan biri hisoblangan oʻtov va uning bezaklarini tikish bilan shugʻullanib kelmoqda. Odatda oʻtov tiklashda ishlatiladigan ashyolarni tayyorlaydigan ustalar “uychi” deb ataladi. Qoraqalpoq oʻlkasini koʻz oldiga keltirgan har bir kishining hayolida ushbu maskanning qora uy, yaʼni oʻtovlari gavdalanadi.

– Oʻtov qurish, uni bezatish bilan bogʻliq koʻnikmalarga ega boʻlish, tiklash ham oʻziga xos mehnat talab etadi, – deydi hunarmand Zadaxon Mirzamuratova. – Oʻtovni tiklashda har qanday yogʻochdan ham foydalanib boʻlmaydi. Uni yasash qoraqalpoq xalqiga ota meros hisoblanadi.

Oʻtovning 70 foiz mehnati ayollar qoʻli bilan yaratiladi. Yaʼni yogʻochdan tiklanib boʻlingach, uni yaxlit ansambl qiyofasiga keltirish uchun juda koʻplab naqsh turlari bilan bezatiladi va ular qoʻlda tayyorlanadi. Shuning uchun Qoraqalpogʻistonda milliy hunarmandchilikning bu yoʻnalishining sir-asrorlarini yoshlarga, qizlarga oʻrgatish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Zadaxon opaning oʻzi, kelinlari, qizlari, qoʻni-qoʻshnilari ham shogird tushib, hunar oʻrganishgan. Bu anʼana yana davom etmoqda.

Shuningdek, mazkur tumandagi “Qorakoʻl” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Seregul Qutimova ham milliy hunarmandchilik asosida oʻtov va uning bezaklarini tikish bilan shugʻullanib kelmoqda. U 2019-yil Xotin-qizlarni qoʻllab-koʻvvatlash jamoat fondidan imtiyozli kredit olib, oʻz faoliyatini kengaytirdi. Shu bilan birga, ustoz-shogird tizimi asosida xotin-qizlarga, ayniqsa yoshlarga hunar sirlarini oʻrgatib, ularning bandligini taʼminlashga hissa qoʻshib kelmoqda. Bugungi kunda Seregul opaning oʻndan ortiq shogird qizlari hunar oʻrganishmoqda.

Mana shunday chevar qizlardan yana biri Kunduz Qurbonovadir. U Chimboy tumanidagi “Ipak yoʻli” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiladi. Bugungi kunda tumandagi 8-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabida 70 nafardan ortiq shogirdiga hunarmandchilik sirlarini oʻrgatib kelmoqda. Joriy yilda “Oʻzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovida ishtirok etib, Koreya Respublikasida boʻlib oʻtadigan kelgusi bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Qunduzning oldiga qoʻygan niyat va maqsadlari ulugʻ.