Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻtmishning qora sahifalari: oʻzbek isteʼdodlari quruq boʻhton va tuhmatlar bilan jisman yoʻq qilingan kun...
09:25 / 2020-08-31

Sobiq Ittifoq tarixida millionlab fuqarolarning qonlari bilan yozilgan sahifalar mavjud.


Sobiq Ittifoq tarixida millionlab fuqarolarning qonlari bilan yozilgan sahifalar mavjud. Bu mustabid sovet tuzumining qatagʻonlik siyosatidir. Bu siyosat millatning eng ilgʻor kishilarini, ziyolilarini yoʻq qilishga qaratilgan edi.

XX asr boshlarida avj olib ketgan ijtimoiy-siyosiy harakatlar Turkiston xalqlarining Vatan ozodligi, xalqlarning huquq va erkinliklari, milliy oʻzlikni anglash, mustabid tuzumning ortib borayotgan jabr-zulmi va bedodligiga qarshi kurashi tariximizning unutilmas sahifalaridir. Chunki bu davrda xalqning koʻzga koʻringan vakillari, maʼrifatparvar ziyolilari, davlat va fan arboblari, madaniyat xodimlari qatagʻon siyosatining qurboni boʻlishdi. Ular oʻz vaqtida xalqi, yurti uchun qilgan xayrli ishlari evaziga koʻrgan azobu uqubatlari, fojiali qismatlari va oilalarining sarson-sargardonligi yetmaganidek, nomlari xalq orasida badnom qilindi, “xalq dushmani” degan “tamgʻa” qoʻyildi.

1937-1939-yillarda Oʻzbekistonda hammasi boʻlib 43 mingdan ziyod kishi qamoqqa olingan. Ulardan 6 920 nafari otib tashlangan, 37 ming nafari turli muddatga qamoq va surgunlarga hukm qilingan. Bu bedodlikni hech nima bilan oqlab boʻlmaydi. Turkiston tarixidagi eng qonli kun - 1938-yil 5-oktyabrda, Boʻzsuv kanali boʻyida - Alvasti koʻprik yonidagi tepalikda oʻzbek millatining eng koʻzga koʻringan 507 nafar ziyolilari “xalq dushmani” sifatida qatl etilgan. Ular orasida oʻzbek adabiyotining ustunlaridan boʻlgan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Gʻozi Yunus, Abdulmajid Qodiriy (Qodirov), davlat arbobi Fayzulla Xoʻjayev kabi isteʼdodlar quruq boʻhton va tuhmatlar asosida jismonan yoʻq qilindi. Mahalliy xalq vakillarining eslashlaricha, kechasi soat 2:00 lar atrofida NKVD xodimlarining otgan oʻq ovozlari, jon taslim qilayotgan mahbuslarning ingrashlari yuraklarni larzaga keltirgan, yerli xalqni, yosh bolalarni vahimaga solgan.

Turkiston va Buxoro hukumatlarining tashabbusi bilan Germaniyaga, Turkiyaga oʻqishga yuborilgan F.Xoʻjayev, T.Risqulov, A.Rahimboyev, Fitrat kabi davlat arboblari, xorijda oʻqib qaytgan A.Murodiy, S.Jabbor, S.Muhammad, F.Sherahmedov singari agronom, genetik, tibbiy olimlar, jurnalistlar, pedagoglar, asossiz ravishda nemis josuslari, u yerdagi allaqanday millatchilik tashkilotining aʼzolari sifatida ayblandi, oʻzbeklardan chiqqan dastlabki fotograf va kinemotograf Xudoyberdi Devonov ham repressiya siyosati qurboni boʻldi. Eng achinarlisi, chuqur surishtiruv ishlari olib bormasdan yuzaki, soxta, boʻhton ayblovlar yurtimizning ne-ne iqtidorlarining umriga zomin boʻldi. Inson huquqlari hech qanday ahamiyatga ega boʻlmagan. Ikkinchi jahon urushidan keyin qatagʻonlarning yangi oqimi boshlandi. Bu oqim ham asosan shoir va yozuvchilar, fan va madaniyat xodimlarini oʻz domiga tortdi. 1980-yillarga kelib “ paxta ishi”, “oʻzbeklar ishi” deb nom olgan soxta atamalar bilan qatagʻonlarning yangi toʻlqini amalga oshirildi. Minglab ilgʻor paxtakorlar, zahmatkash insonlar tizimning qurboni boʻldi. Oʻylab topilgan jinoiy ishlar ortidan xalqning milliy gʻururi va shaʼnini yerga urish maqsad qilingan boʻlsa, ajab emas. Tarix - oʻtmish va kelajak orasidagi koʻprikdir. Buyuk va boy oʻtmishimiz ana shu koʻprikning mustahkamligini anglatadi. Lekin oʻtmishning qora sahifalari ham borligini unutmaslik lozim. Bugungi tezkor, shiddatli, axborot almashinuvi jadallashgan bir zamonda kelajak egalari boʻlgan yoshlarimizni axborot xurujlaridan asrash, turli yot mafkuralar va axborotlar taʼsiriga tushib qolmasligini taʼminlash har bir fuqaroning burchidir.

Bugun yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, Vatanimiz mustaqil, xalqimiz ozod. Shu kunlarni orzu qilib, jonlarini fido qilgan yurtdoshlarimiz nomlarini tiklash, asarlarini izlab topish, kitob holida chop etish va keyingi avlodga qoldirish imkoniyati bizning zimmamizdagi masʼuliyatdir. Qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida 2000-2002-yillarda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi barpo qilindi. 31-avgust “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” deb eʼlon qilindi.

Matluba Fayzullayeva , Chilonzor tuman 90-maktabning tarix fani oʻqituvchisi