Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Oʻtkan kunlar” haqidagi baʼzi haqiqatlar yoxud “37-xonadon” boshiga tushgan achchiq qismatlar...
06:56 / 2020-06-10

XX asr madaniyatimizning benazir namoyondasi Abdulla Qodiriy ijodiy merosi xalqimizning ulugʻ xazinasidir.


XX asr madaniyatimizning benazir namoyondasi Abdulla Qodiriy ijodiy merosi xalqimizning ulugʻ xazinasidir. U milliy romanchiligimizga asos soldi. Ulugʻ soʻz sanʼatkorining bu tarixiy xizmati hech qachon unutilmaydi. Bu haqda mashhur qozoq adibi Muhtor Avezov “Abdulla Qodiriy (Julqunboy) yuksak romanlar yaratdi. Uning romanlari 20 yillari goʻyo tekis sahroda toʻsatdan Pomir togʻlari vujudga kelgandek paydo boʻldi”, deganida mutlaqo haq edi.

KUMUSHNING OʻLIMINI TASVIRLASHDAGI IZTIROB...

Oʻtkan kunlar... Bu asarni sevib oʻqimagan, asar asosida suratga olingan filmni koʻrib zavqlanmagan adabiyot shaydosi boʻlmasa kerak. “Oʻtkan kunlar” garchi muallif yozganidek, yangi zamon romanchiligi bilan tanishish yoʻlida kichkina bir tajriba boʻlsa-da, hali shu kunga qadar oʻzbek adabiyotida unga yetadigan asar yaratilmadi...

Adib “Oʻtkan kunlar”ni yozish jarayonida uni shogirdlariga oʻqib berib turar ekan... Shogirdlari eshitib yigʻlar ekan... Chunki koʻpchiligi adib asarida nima demoqchi boʻlganini tushunishgan.

Adibning farzandi Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” nomli kitobida yozishicha, yozuvchining volidai muhtaramasi Josiyat bibi “Bor, otangni kechki ovqatga chaqirib chiq” deb Habibulla Qodiriyga buyuradi. Yosh Habibulla adibning ijodxonasiga kirsa, otasi yigʻlab oʻtiribdi. Nima qilishini bilmay, voqeani bibiga aytadi. Josiyat bibi “Abdulla, nima boʻldi? Nega yigʻlab oʻtiribsan?” degan savoliga Abdulla Qodiriy “Shu qoʻllarim bilan Kumushni oʻldirib qoʻydim”, deb javob qaytaradi. Josiyat bibi “Bu jinni boʻlib qolibdi”, deb xonadan chiqadi.

Maʼlum boʻlishicha, Abdulla Qodiriy oʻsha lahzalarda Kumushbibining vafot etish manzaralarini qogʻozga tushirayotgan ekan.

Asarning taʼsirchan chiqishi - yozuvchining qanchalik iztirob va dard bilan asar yozishiga ham bogʻliq.

Abdulla Qodiriy hatto “Oʻtkan kunlar” romanida Kumushning oʻlimini katta iztirob bilan tasvirlab, uning sagʻanasiga bitilishi mumkin boʻlgan sheʼriy satrlarni ham dastlab Fuzuliydan olgan. Ozar shoirining mana bu misralari uning Kumush oʻlimi bilan bogʻliq iztiroblarini ifodalagandek tuyulgan:

Hamrohim eding bu yoʻlda ey moh,

Hamrohni tashlab ketarmi hamroh?..

Lekin satrlar romanning dastlabki oʻquvchilariga u qadar taʼsirli boʻlib koʻrinmadi. Ular bu misralardan qanoat hissini tuymadilar. Bu haqda 20 yillar adabiyotini puxta bilgan ziyolilardan biri shoir Gʻayratiy bunday yozgan edi:

“1925-yilning yozlarida boʻlsa kerak, bosmaxonadan boʻshab, oʻqituvchilik va ”Mushtum“ jurnalida shtatsiz muxbirlik qilib yurardim. Chamasi Abdulla akam ”Oʻtkan kunlar“ning oxirgi boʻlimini bitirib, ”Mushtum"dagi oʻrtoqlarga oʻqishga bergan ekanlarmi, har holda, bir kun idoradagi baʼzilar Kumush qabriga bitilgan sheʼr haqida Abdulla akamga eʼtiroz bildirishdi. Abdulla akam oldingi variantda qabr toshiga Fuzuliydan shu baytni koʻchirgan ekanlar... Ular baytni oʻz asarlariga oʻz sheʼrlari boʻlishini maslahat berishdi...

Shu tariqa Abdulla Qodiriy romandagi Kumush qabrtoshidagi sheʼrni oʻzi yozadi:

Ayo charx, etding ortiq jabr bunyod,

Koʻzim yoshligʻ, tilimda qoldi faryod.

Hayotim lolazoridan ayurding,

Yoqib, jonim, kulim koʻkka sovurding.

Fuzuliyning boyagi satrlaridan oʻn chandon taʼsirli boʻlgan bu toshbitikni yozish uchun shubhasiz Abdulla Qodiriy Kumush oʻlimi va dafn marosimi tasvirlangan parchani qayta oʻqib, oʻsha ruhiy holatga tushgan.

Habibulla Qodiriyning xotirlashicha, otasi “Oʻtgan kunlar”ni yozish tarixini hikoya qilganda, gap orasida shunday degan:

“Bir kuni bogʻimizga otamni koʻrgani eshak minib shahardan bir odam mehmon boʻlib chiqdi... U otamning eski qadrdoni ekan... Ularning suhbatidan shuni angladimki, mehmon toshkentlik boʻlib, uyli-joyli, bola-chaqali kishi ekan. Ammo yoshlik chogʻlarida savdo vaji bilan Andijonga borib qolib, u yerda koʻp yillar istiqomat qilgan, u yerdan ham uylangan ekan. Mehmonning ana shunday soddagina tarixi menga chuvalgan ipning uchini topib berganday, yozmoqchi boʻlganim ”Oʻtgan kunlar“ romanining shaklini chizib berganday boʻldi...”

Habibulla Qodiriyning taʼkidlashicha, adib oʻz asarida kitobxonga toʻgʻri tasavvur berish maqsadida shaharlar kezib, vodiyda koʻp yashagan, oʻsha davrni koʻrgan, eshitgan shaxslarni izlagan, ular bilan suhbatlashgan va asardagi har bir harakat oʻrinlarini aniqlagan, taxminlagan va bu haqda gapirib oʻtgan:

“Men Margʻilon koʻchalarida yurib, karvonsaroy, eski Oʻrda oʻrinlarini belgiladim. Mirzakarim qutidor, usta Olim, Homid, Sodiqlar uyini taxminladim va ”Xoʻja Maʼoz“da bir kecha tunadim...”

Oradan qariyb bir asrlik vaqt oʻtdi. Nazarimda, “Oʻtgan kunlar” romani kitobxonga siyohi qurimay turib qanday taʼsir oʻtkazgan boʻlsa, haliyam shu taʼsirini yoʻqotmagan.

Bugunga qadar adabiyotshunos, tarixchi olimlar tomonidan Abdulla Qodiriy shaxsi, hayoti, ijodiy faoliyati chuqur oʻrganilgan. Shunday boʻlsa-da, buyuk adibning farzandlari tomonidan bitilgan va bitilayotgan xotiralar, esdaliklar hamon Abdulla Qodiriy haqidagi maʼlumotlarga oydinlik kiritib kelmoqda. Yozuvchining nabirasi Sherkon Qodiriy tomonidan yozilgan “37-xonadon” kitobi ham otalari Habibullo Qodiriy, onalari, amakilaridan eshitgan hikoyalari, xotiralari asosida yaratilgan.

Sherkon Qodiriy 1958-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1981-yili A.Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat institutini tamomlagan. 1984-yildan beri ijod bilan shugʻullanib keladi.

QODIRIYNING ASARLARINI KOʻP JILDLIK TOʻPLAM QILIB NASHR ETISH REJALASHTIRILGANMI?

Bunday reja “37-xonadon” kitobida taʼkidlaganidek, sobiq Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi markaziy komitetining 1958-yil 10-fevralidagi majlis qarorida tasdiqlangan edi. Unga koʻra, Abdulla Qodiriyning asarlari 3 tomligi tayyorlansin. 1-tomga “Oʻtgan kunlar” romani, 2-tomga “Mehrobdan chayon” romani va “Obid ketmon” qissasi, 3-tomga hikoya, ocherk va feletonlari kiritilsin, degan gaplar bor edi. Biroq u davrda deyarli koʻngildagidek ishlar qilinmadi. Otamiz Habibullo Qodiriy va akamiz Xondamir Qodiriyning mashaqqatli mehnatlari evaziga 1992-yil Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot nashriyotida “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari asl holida, oʻzgartirishsiz nashr etildi. Bundan tashqari, “Yangi asr” nashriyotida 2007-yilda “Diyori bakr” nomli kitob nashrdan chiqdi. Kitobga Abdulla Qodiriyning sheʼrlari, hikoyalari, sahna asarlari, adabiy maqolalari, feletonlari kiritilgan. Kitobni toʻplab nashrga tayyorlovchisi Xondamir Qodiriydir.

Adib “Amir Umarxonning kanizi”, “Namoz botir” haqida roman yozish niyatlari boʻlgan. Kelgusi rejalarida va bu borada ular maʼlumot toʻplab yurganliklari haqida maʼlumotlar bor, ammo qoʻlyozmalarni 1945-yil 28-may kuni otamiz Habibullo Qodiriyni olib ketishayotganda birga olib chiqib ketishgan. Dadamiz oʻzlarining “Otam haqida” kitoblarida xotirlashlaricha, oʻshanda uyimizdan “Oʻtkan kunlar“, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon” asarlarining asl qoʻlyozmalarining nusxasi, yozmoqchi boʻlgan asarlarining qoʻlyozmalari, qisqasi, uch ming dona qogʻoz qoʻlyozma olib chiqib ketilgan va dadamizning tergovchilari Vinogradov tomonidan yoqib yoʻq qilingan. Dadam bu haqida shunday degandilar: “Tergovchi qogʻoz yoʻqligidan soʻroqda dadamning qoʻlyozmalari orqasiga yozib foydalanar va oxiri gʻijimlab axlatga tashlar, gohida ularga moxorka oʻrab chekar, menga ham berardi”.

Buvamiz Abdulla Qodiriy 1937-yil 31-dekabr kuni tunda, oʻz uylarida hibsga olingan edi. Taqdirni qarangki, avvalgi 19-raqamli uyimizga, bugunga kelib oʻsha mashʼum yilni eslatib turuvchi 37-tartib soni berilgan. Dadamiz vafot etganlarida asr namozidan soʻng u kishini qabrga qoʻydik. Bizda bir odat bor: erkaklar mozordan qaytgach, ayollar bilan soʻrashadilar. Oʻshanda onam meni bagʻirlariga bosib: ”Otangning yuzlarini biroz yerga qaratib qoʻyish kerak edimikin? Koʻpgina gaplarini aytolmay ichlarida olib ketdilar. Zardoblari bu dunyoda qolarmidi?” deb yigʻlaganlar.

Vaqti-soati yetib, ana shu “zardob”larning baʼzilarini siz, aziz oʻquvchilarga havola etishga jazm qildik. Zero, “37-xonadon” boshiga tushgan achchiq qismatlar tarixi hech kimni befarq qoldirmaydi.

D.Azimova, Toshkent shahar “Bilim” AKM mutaxassisi