Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻquvchilar taʼlim olishda davom etmoqda, bunga koronavirus xalal bera olmaydi
16:20 / 2020-03-27

Shu kunlarda karantin tufayli oʻquvchilar va oʻqituvchilar taʼtilga chiqishgan.


Shu kunlarda karantin tufayli oʻquvchilar va oʻqituvchilar taʼtilga chiqishgan. Xoʻp, bu hamma uyda qamalib oʻtiribdi, foydali ish yoki dars tayyorlash hech kimning esiga kelmaydi deganimi?

Bu savolga poytaxtimizdagi 146-umumtaʼlim maktabi direktori oʻrinbosari Hasanboy Qosimov shunday fikr bildirdi.

- Yoʻq, albatta, - deydi H.Qosimov. - 1500 nafardan ortiq oʻquvchining hammasi dars tayyorlamoqda, oʻqish bilan band. Buning uchun maktabdagi 47 ta sinfning har biri uchun alohida telegram kanali ochilgan. Unda fan oʻqituvchilari uchinchi chorakda qolib ketgan darslarni oʻtmoqda. Maqsad oʻquvchilarni oʻquv dasturiga yetkazib olish va ularning bekor qolmasligini taʼminlash.

Ayni vaqtda dars jadvali asosida boshlangʻich sinflarda oʻzlashtirish 100 foizni tashkil etmoqda. Yuqori sinflar, yaʼni 9-11-sinflarda esa natija 90 foizga yetdi. Bunda topshiriqlar masofadan turib berilmoqda. Uy vazifalari ham bajarilib, telegram kanal orqali yuborilmoqda. Yigʻilgan javoblarni oʻqituvchi baholaydi. Shu tarzda hamma bir-birini xato va kamchiliklarini kuzatib, toʻgʻrilab bormoqda.

Masofaviy taʼlimning ham oʻziga xos afzalliklari bor ekan. Bunda oʻquvchi oʻziga qulay vaqtda oʻz oilasi, turarjoyi, shugʻullanadigan mashgʻuloti va ishidan ajralmagan holda bilim olmoqda. Qolaversa, oʻqitish uchun katta resurs talab qiladigan sinflar, koʻrgazmali jihozlarga zarurat yoʻq. Axborot texnologiyalari zamonida bu ancha qulay albatta. Muhimi, internet ishlab tursa, bas.

Darsdan tashqari onlayn tarzda bir qator tanlovlar oʻtkazilmoqda. “Eng sevimli kitob” insholar tanlovi, “Yurtimizda, bahor!” rasmlar tanlovida oʻquvchilar katta ishtiyoq bilan ishtirok etmoqda. Hatto, shaxmat shashka musobaqalarida ham faol ishtirok etishmoqda. Bunda hamma oʻzining pozitsiyasini suratga tushirib yuboradi. Yakunida ota-onalar va ustozlardan tuzilgan hakamlar gʻolibni aniqlaydi.

Demak, bolalar uyda bilim olishdan cheklandi yoki zerikib qoldi deyishga asos yoʻq. Taʼlim berish va saboq olish davom etmoqda. Eng asosiysi, boshidan ne-ne qiyinchiliklarni oʻtkazgan, ocharchilik yillarida ham irodasini koʻrsata olgan ajdodlarimiz ori uchun ham bu sinovlardan eson-omon oʻtmogʻimiz shart va albatta, bilim olish va ilm oʻrganishga befarq boʻlmagan holda.

Keyingi voqealar bizga ilm-fan qanchalik kerak ekanligini yana-da anglash imkonini bermoqda. Zero, tarqalgan pandemiyaning davosining olimlar qanchalik tez topsa, insonlar yuragidagi xavf ham shunchalik tezroq bartaraf boʻladi.