Oʻq otish sport turi boʻyicha yoshlar mahorati sinovdan oʻtkazildi
Toshkent shahar “Vatanparvar” tashkiloti hududlarda sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish, yoshlarda harbiy vatanparvarlik ruhini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha va sport musobaqalarini oʻtkazib kelmoqda.
Toshkent shahar “Vatanparvar” tashkiloti hududlarda sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish, yoshlarda harbiy vatanparvarlik ruhini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha va sport musobaqalarini oʻtkazib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Tashkilotning hududiy kengashlari yil davomida “Biz vatanparvarlarmiz” shiori bilan sport musobaqalarini tizimli ravishda tashkil qilib, turli koʻrgazmali tadbirlarda yoshlar faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Jumladan, Toshkent shahar “Vatanparvar” tashkilotining Mirobod oʻquv sport texnika klubi tashabbusi bilan Respublika texnika va amaliy sport turlari markazida oʻq otish boʻyicha Toshkent shaxar ochiq birinchiligi oʻtkazildi.
Musobaqada “Vatanparvar” tashkilotining Toshkent shahridagi barcha tumanlari va boshqa sport klublaridan 9 jamoa oʻzaro bellashdi.
– Bellashuvlarda jamoamiz yuqori natija qayd etganidan xursandman, – deydi “Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi” klubi aʼzosi Sunnatillo Ahmedov. – Yangi doʻstlar orttirdik. Muhimi mashgʻulotlarda oʻrgangan bilimlarimizni sinovdan oʻtkazik. Ushbu sport turi insonga diqqatni jamlash, sabrli boʻlishni oʻrgatadi. Shugʻullanayotganimga koʻp boʻlmagan boʻlsa ham ustozlarim erishayotgan natijalarimdan xursand.
Musobaqa yakuniga koʻra, 1-oʻrinni “Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi” jamoasi egalladi. 2-oʻrinni Mirobod, 3-oʻrinni esa Uchtepa jamoasi yoshlari qoʻlga kiritdi.