French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nyu-Yorkda Vatandoshlar mintaqaviy forumi o‘tkazildi
00:01 / 2025-08-27

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shtati Sirakuz shahrida “Vatandoshlar mintaqaviy forumi” o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan ushbu forumda AQSH va Kanadada istiqomat qiladigan 300 ga yaqin vatandoshlar ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev doimo ta’kidlaganidek “Qayerda yashamasin, har bir vatandoshimiz – Vatanimizning ajralmas bir bo‘lagi, uning ma’naviy elchisi, iftixori va umididir.”

Ushbu forum ham o‘zbek jamiyati uchun nafaqat ma’naviy birlashuv nuqtasi, balki amaliyotda yangicha hamkorlik yo‘llarini ochib beruvchi strategik maydon vazifasini o‘tadi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev nutq so‘zlab, xorijdagi vatandoshlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, tadbirkorlik platformalarini yaratish, jamiyat hayotini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologik barqarorlik, sifatli ta’lim kabi masalalarda o‘zaro fikr-mulohaza almashish maqsadida ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari hisoblangan xorijdagi vatandoshlarning doimiy muloqoti ko‘rinishida “Uz Global Think” forumi, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar sohasida davlat siyosati Konsepsiyasining yangi loyihasi, akademik doiradagi shaxslar, ularning hayot yo‘li, muvaffaqiyatlari, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladigan tavsiyalaridan iborat maqolalar joylab boriladigan “Who Is Who” loyihasi xususida ma’lumot berdi.

Forumda xorijdagi vatandoshlarning O‘zbekiston taraqqiyotidagi roli va hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Vatandoshlarning yanada jipsligini ta’minlash, turli avlod vakillari – talabalar, ishbilarmon-tadbirkorlar, olimlar va boshqalarning Vatan bilan bog‘liqligini yanada kuchaytirish masalalarida fikrlar, takliflar o‘rtaga tashlandi.

Forum doirasida turli yo‘nalishlarda maxsus sho‘’balar yig‘ilishlari ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan, “Ta’lim va innovatsion iqtisodiyot” qismida yoshlar salohiyati va ta’lim tizimida hamkorlik masalalari, “Raqamli texnologiyalar va integratsiyalashuv” sho‘’basida axborot texnologiyalari sohasidagi yangiliklar, raqamli xizmatlar va transmilliy integratsiya imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Ijtimoiy taraqqiyot va madaniyat yo‘nalishida milliy merosni asrab-avaylash, madaniy aloqalarni kengaytirish, jamiyatda o‘zbeklar imijini yuksaltirish bo‘yicha fikr almashildi.

Sirakuz forumi milliy diplomatiya, iqtisodiy hamkorlik, madaniy intellektual quvvatni birlashtirgan muhim voqeadir. Forum doirasida nafaqat Nyu-York, balki AQSHdagi nufuzli oliygohlardan biri hisoblangan Sirakuz universiteti bilan hamkorlikda talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, professorlar ma’ruzalari yo‘lga qo‘yilishi masalalari muhokama qilindi. Bu yoshlarimiz uchun ulkan imkoniyat, Vatanimiz ta’lim tizimi uchun esa tajriba va innovatsiyalar manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Forum nafaqat diaspora hayotini birlashtirdi, balki O‘zbekistonning xalqaro siyosiy nufuzini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

O‘zA