Davlatimiz mustaqilligining 30 yillik to‘yi yurtimizda, qolaversa, xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalarda, vatandoshlarimiz davrasida keng nishonlanmoqda. Xususan, mamlakatimizning Nyu-York shahrida joylashgan BMT huzuridagi vakolatxonasi tomonidan AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi bilan hamkorlikda O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi uyushtirildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabarida ma’lum qilingan.
Tadbirda BMT Bosh kotibining Yevropa, Markaziy Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha, BMT huzuridagi xorijiy mamlakatlar missiyalari rahbarlari va xodimlari, Buxoro yahudiylari kongressi, Turkiston-Amerika assotsiatsiyasi, “Mahalla USA” singari diaspora tashkilotlari a’zolari, AQSH ijtimoiy-siyosiy, akademik va ishbilarmon doiralari ishtirok etdi.

Tantanali kechada mumtoz musiqa va zamonaviy estrada san’atining eng sara asarlarini o‘z ichiga olgan konsert dasturi namoyish etildi. O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov so‘zga chiqib, mustaqil rivojlanish yillarida respublikada davlat qurilishi asoslarini mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, o‘zbek xalqining asriy an’analarini tiklash borasida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ishtirokchilar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonning mutlaqo yangi qiyofasini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar bilan atroflicha tanishtirildi. Bu islohotlarning eng muhim natijalari insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalqimizning huquqiy madaniyati va fuqarolik mas’uliyatini oshirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, aholi farovonligini yuksaltirishdan iborat ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbarining muvozanatli va konstruktiv tashqi siyosati samarasida Markaziy Osiyoda butunlay yangi ishonch va o‘zaro anglash muhiti shakllangani, BMT, Osiyo, Yevropa, Amerika va boshqa mintaqalar davlatlari bilan aloqalar sifat jihatdan yuqori darajaga ko‘tarilgani qayd etildi.
Marosimda O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov, BMT Bosh kotibi yordamchisi Miroslav Yencha, AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti Boris Qandov va boshqalar O‘zbekiston rahbariyati va xalqini mamlakatimiz tarixidagi muhim sana – davlat mustaqilligining 30 yilligi bilan tabriklab, respublikamiz hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan chuqur islohotlarni alohida e’tirof etishdi.
M.Komilova, O‘zA