Nyu-York shahri meri Zuhron Mamdaniy AQSH shimoli-sharqida kutilayotgan kuchli qor bo‘roni tufayli shaharda favqulodda holat e’lon qildi, deb yozgan “Kazinform”.
Poytaxt yetakchisi favqulodda xizmatlardan tashqari butun shahar transport tarmog‘ini yopish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bundan tashqari dushanba kunidan davlat maktablari yopilgan. Bu haqda WION xabar berdi.
– Shahrimiz keyingi o‘n yil ichida bunday kuchli bo‘ronni ko‘rmagan, – dedi Mamdaniy. – Nyu-Yorkliklardan muhim bo‘lmagan har qanday sayohatni to‘xtatib turish so‘raladi.
Gubernator Keti Xochul ham kuchli shamol yaqinlashgani sababli, shtat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi. Ayni payt 100 ga yaqin Milliy gvardiya askari shay holda turibdi.
– Ko‘p yil davomida bunday ob-havoni ko‘rmagandik, – deydi yetakchi. – Odamlar qorong‘ilikda qolishi mumkin. Long-Aylend va Nyu-York shaharlari, quyi Gudzon daryosi tom ma’noda bo‘ron xavfi ostida.
Nyu-Jersi gubernatori Mikki Sherrill ham yakshanba kuni tushdan keyin favqulodda holat kuchga kirganini e’lon qildi. Xuddi shunday cheklov Konnektikutda ham joriy etildi.
Massachusets shtatida favqulodda holat tufayli 200 nafargacha Milliy gvardiya askari kutilmaganda yordam ko‘rsatish uchun safarbar qilingan. Shtat ma’murlari yakshanba oqshomidan boshlab zarur bo‘lmagan sayohatlarga cheklov qo‘ydi.
Milliy ob-havo xizmati ma’lumotiga ko‘ra, AQSH shimoli-sharqida qor qalinligi bir soatda 5-7,5 santimetrga, shamolning tezligi esa soatiga 110 kilometrga yetgan.
G.Sattorova, O‘zA