Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nyu-Yorkda bolalar o‘zbek tili markazining yangi binosi ochildi
17:49 / 2024-02-14

Nyu-York shahrining Bruklin tumanida mamlakatimiz Bosh konsulligi ko‘magida Ziyo Art bolalar o‘zbek tili markazi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, xorijda o‘zbek maktablarining ko‘payishi mamlakatimizda, xususan Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilingan 2024 yilda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir. Bu shuningdek, nafaqat yurtimizda, balki chet elda ham yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tiborning yana bir ifodasidir. 

Mahalla USA diaspora tashkiloti huzuridagi ta’lim markazi 2020 yil 19 sentyabrda Bruklinda AQSH da yashayotgan vatandoshlarimizning farzandlariga o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, ularning ongiga milliy qadriyatlarni singdirish, ularni asrab-avaylash va mustahkamlash maqsadida ochilgan edi. 

Mazkur ta’lim markazida 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun o‘zbek tili va adabiyoti, odob-axloq, atrof-muhit, kompyuter savodxonligi, tasviriy san’at, din, matematika bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, shaxmat, sambo va kurash to‘garaklari faoliyat yuritadi. 

Mashg‘ulotlar tanlov asosida saralab olingan malakali o‘qituvchilar tomonidan O‘zbekistondagi o‘quv materiallari asosida haftasiga yetti kun o‘zbek tilida olib boriladi. 

Ta’lim markazining yangi binosi 10 ta xonadan iborat, uning umumiy maydoni 500 kvadrat metrni tashkil etadi. Hozirgi kunda markazda 120-150 nafar bola ta’lim olmoqda. 

Ochilish marosimida Mahalla USA jamoat birlashmasi prezidenti Abdumalik Ahmedov so‘zga chiqdi. 

Unda markazni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarda Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy o‘ziga xosligimizni saqlashdan iborat ekani qayd etildi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbariyatining xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga ko‘rsatayotgan e’tibori yuksak baholanib, yuqori darajadagi hamkorlik va ko‘mak uchun minnatdorchilik izhor qilindi. 

Ochilish marosimida O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligi vakillari, kongressmenlar, mahalliy hokimiyat vakillari, O‘zbekiston sambo federatsiyasi rahbari, turli shtatlardagi o‘zbek diasporasi yetakchilari va faollari, mahalliy aholi va OAV vakillari ham ishtirok etdi. 

Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA