English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nyu-York merligi nega shunchalik muhim? (+video)
18:20 / 2025-11-06

Kelib chiqishi ugandalik Zohran Mamdani Nyu-York meri saylovida g‘alaba qozondi. DW agentligi yosh siyosatchi qanday qilib fuqarolarni o‘ziga jalb etgani xususida ma’lumot berdi.

Saylovda Zohran Mamdani 50,4 foiz ovoz to‘plab, Nyu-York merligi uchun kurashda ishonchli farq bilan ustun keldi. Qolgan ikki nomzod yetarli ovoz yig‘olmagan.

2024 yil oktyabrida Mamdani AQSHning eng yirik shahri rahbarligiga da’vogarlik niyatini bildirganda ko‘pchilik uning muvaffaqiyatiga ishonmagandi. Endi esa mamlakat siyosiy sahnasida uning tarafdorlari tobora ko‘paymoqda.

Ota-onasi hindistonlik Zohran Ugandada tug‘ilgan. Onasi Mira Nair – mashhur Hind-Amerika kinorejissyori, otasi Mahmud Mamdani esa Hindistonda tug‘ilib, Ugandaga ko‘chgan olim.

O‘g‘il 5 yoshligida oila Ugandadan Janubiy Afrikaga o‘tadi, ikki yildan keyin Nyu-Yorkka ko‘chadi. Zohran asli suriyalik rassom Rama Duvajiga uylangan. Ko‘plab nashrlar uni Nyu-York tarixidagi ilk musulmon mer, deb yozmoqda.

Mamdanining siyosiy faoliyati juda tez rivojlandi. U 2020 yil Nyu-York shtati Assambleyasiga saylangan. Siyosatga kirishdan oldin kam ta’minlangan, uyidan haydalish xavfi ostida qolganlarga yordam bergan. Shu bois arzon uy-joy masalasi dasturidan asosiy mavzu sifatida o‘rin olgan. Darvoqe, siyosatchining boylar uchun soliqni oshirish, 2030 yilgacha eng kam ish haqini soatiga 16,5 dollardan 30 dollarga ko‘tarish, bolalar bog‘chasiga bepul kirishni joriy etish, bosqichma-bosqich avtobusda bepul sayohat tizimini joriy qilish kabi rejalari bor.

Uning falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashi ham tanqidlarga sabab bo‘lgan. Ma’lumki, Nyu-Yorkda Isroildan tashqaridagi eng ko‘p sonli yahudiy diasporasi yashaydi. Hatto, shahardagi sinagoga ravvini shunday degan:

– Aniq aytaman, Zohran Mamdani Nyu-York yahudiy jamoasi uchun xavf tug‘diradi.

Biznes hamjamiyati orasida ham xavotir bor. Milliarder Bill Akman ijtimoiy tarmoqda quyidagi so‘zlarni yozib qoldirgan:

– Mamdanining biznesga qarshi siyosati va korporativ soliqni oshirish rejasi Nyu-Yorkda ish o‘rinlari yo‘qolishiga olib keladi, kompaniyalarni shahardan chiqib ketishga majbur qiladi.

Yangi merning Prezident bilan ham ziddiyati bor, deyishadi. Nyu-Yorkda tug‘ilib o‘sgan Donald Tramp Zohranni yoqtirmasligini yashirmaydi. Saylov arafasida u anchayin keskin fikr bildirgan:

– Agar Mamdani g‘alaba qozonsa, Oq uy Nyu-Yorkka qonun bilan belgilangan eng kam miqdordagi mablag‘dan ortiq federal yordam bermaydi. Yetakchi bu demokrat siyosatchini bir necha xunuk so‘z bilan “siylagan”. Zohran esa javob tariqasida shunday degan:

– Men Tramp bilan shahar manfaati yo‘lida hamkorlik qilishim mumkin, lekin o‘zimni tahdid ostida qoldirmayman.

Siyosiy qarashi mutlaqo qarama-qarshiligi sababli, ularning munosabati AQSH siyosatida yangi to‘qnashuv nuqtasiga aylanishi mumkin.

Binobarin, saylangan merga hammayam qarshi emas. Ko‘plab yahudiylarning Mamdaniga hurmati baland.

Nyu-York merligi lavozimi nega shunchalik muhim?  

Aholisi 8,5 millionga yetgan mazkur shaharga har yili 65 million mehmon tashrif buyuradi. Dunyodagi eng muhim madaniy va moliyaviy markazlardan biri hisoblangan bu megapolis meriyasining yillik byudjeti 116 milliard dollar. Miqyosi va global nufuzi tufayli Nyu-York rahbarining faoliyati nafaqat mahalliy, balki xalqaro siyosiy maydonda ham beqiyos ahamiyatga ega. Tarixda bir necha marta Nyu-York merlari AQSH Prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘ygan, lekin, ularning birortasi muvaffaqiyat qozonmagan. Balki, kelajakda Zohran Mamdaniga bu nasib etar.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tUCH5bRfFhQ" title="Nyu-York merligi nega shunchalik muhim?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA