Toshkent shahar hokimligida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov va Nyu-York shahri meri Erik Adams boshchiligidagi delegatsiya uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida tomonlar yirik shaharlarni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Jumladan, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha tajriba almashdi. Toshkent va Nyu-York o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi.
Shahar hokimi delegatsiyani "Toshkentni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi"ning asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Mehmonlarga yirik shaharsozlik va investitsiya loyihalari, "Yangi Toshkent", "Yangi avlod" sanoat zonasini barpo etish va yangi jamoat joylarini rivojlantirish loyihalari taqdim etildi.

Shuningdek, Toshkentda transport tizimi, logistika, kommunal xo‘jalik sohasida olib borilayotgan islohotlar alohida muhokama qilindi.
Nyu-York meri O‘zbekistondagi o‘zgarishlar sur’atini yuqori baholadi. U O‘zbekiston poytaxtining rivojlanishi to‘g‘ri yo‘nalishda borayotganini va xalqaro aloqalarni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi.

Erik Adams ikki shahar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi va ushbu tashrif Toshkentda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan batafsil tanishish imkonini berishini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar shaharlarni kompleks rivojlantirish, madaniyat, innovatsiyalar va iqtisodiyot sohalarida uzoq muddatli hamkorlik uchun asos bo‘ladigan Toshkent va Nyu-York o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga kirishishga kelishib oldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA