Isroildagi tashrifidan so‘ng AQSH Nyu-York shahrining amaldagi meri Erik Adams boshchiligidagi delegatsiya kecha O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga tashrif buyurdi.
Palata matbuot xizmatining xabar qilishicha, uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi raisining maslahatchisi Umid Safarov, shuningdek, yurtimizning yetakchi tadbirkorlari hamda bir qator biznes uyushmalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini rivojlantirish va ikki hudud o‘rtasidagi biznes aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Ta’kidlanishicha, o‘zaro muloqot davomida U.Safarov tomonidan o‘zbekistonlik tadbirkorlarni Qo‘shma Shtatlar kapital bozorlariga tayyorlash maqsadida Nyu-York fond birjasi bilan hamkorlik o‘rnatish, o‘lkamizda AQSHning yetakchi universitetlari bilan biznes maktabi va akseleratsiya dasturlari yaratish, shuningdek, Toshkentda qo‘shma kasb-hunar kollejini ochish taklif etilgan.

Tadbirkorlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amerika bozoriga yetkazib berishni kengaytirish, biokimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish va innovatsion loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Ma’lumot o‘rnida: Erik Adams 2026 yil 1 yanvar kuni o‘z lavozimini topshiradi va uning o‘rnini yangi saylangan mer Zohran Mamdani egallaydi. Demokratlarning progressiv qanotidan chiqqan Mamdani ushbu lavozimda birinchi musulmon sifatida tarixga kiradi.
O‘.Alimov, O‘zA