Manxetten markazidagi ofis binosida sodir bo‘lgan otishmada to‘rt kishi, jumladan, Nyu-York politsiyasi xodimi ham halok bo‘ldi. Bu haqda “Arab News” nashri yozib chiqdi.
Kuzatuv kamerasidan olingan tasvirlarga ko‘ra, dushanba kuni kechqurun bir noma’lum shaxs M-4 miltig‘i bilan “BMW” avtomobilidan chiqib, bino tomon yurgan.
Politsiya komissari Jessika Tish matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, qotil yashirinishga uringan ayolni nishonga olishdan avval Nyu-York politsiyasi zobitiga qarata o‘q uzgan.

Tergovchilar 27 yoshli Las-Vegaslik ushbu shaxsni qotil sifatida baholadi. Voqea sabablari hozircha noma’lum, ammo gumon qilinuvchining ruhiy salomatligida muammolar bo‘lgani aytilmoqda.

– Ofitserlar uning mashinasidan miltiq qutisi, revolver va o‘q-dorilarni topishdi, -dedi Tish.
Qurbonlardan biri 36 yoshli Didarul Islom Nyu-York politsiyasida 3 yarim yil ishlagan. U Bangladeshdan kelgan muhojir edi. Ikki farzandning otasi bo‘lgan politsiya zobiti binoning lobbi qismida xavfsizlik vazifasini bajarayotgan bo‘lgan, uning rafiqasi esa uchinchi “mexmon”ni tez orada dunyoga keltirishi kerak edi.

Boshqa qurbonlarning va ahvoli og‘irligicha qolayotgan kishilarning ismlari hozircha oshkor etilmagan.
Hodisa “345 Park Avenue” manzilidagi ko‘p qavatli binoda yuz berdi.
M. Pirmatova, O‘zA