Nyu-Dehli aeroportida texnik nosozlik
Nyu-Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida havo harakatini boshqarish tizimidagi texnik muammo tufayli reyslar kechiktirildi.
"Reuters" agentligi yozishicha, Hindiston Aeroportlar boshqarmasi (AAI) havo harakatini boshqarish ma’lumotini qo‘llab-quvvatlaydigan xabar almashish qurilmasi ishida nosozlik yuzaga kelgan.
– Dispetcherlar parvoz rejasini qo‘lda tuzishyapti, – deyilgan AAI bayonotida. – Bu holat ba’zan kechikishga olib kelyapti. Texnik guruhlar tizimni iloji boricha tezroq tiklash ustida ishlamoqda.
Juma kuni ertalab taxminan 100 reys 30 daqiqadan ko‘proq kechikkan, payshanba kuni 25 yo‘nalish ta’sirga uchragan.
Ushbu aeroport soatiga 60-70 samolyotning uchish-qo‘nishini amalga oshiradi.
Ma’lumotga ko‘ra, Dehli aeroporti 2024 yil taxminan 78 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, dunyodagi to‘qqizinchi eng gavjum aeroportga aylandi.
M.Pirmatova, O‘zA