Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonda eshitish qobiliyati zaif odamlarning muammolarini kompleks hal etish bilan shug‘ullanadigan yagona muvofiqlashtiruvchi markaz yo‘q. Eshitish, gapirish qobiliyati cheklangan odamlarning eng dolzarb muammolaridan biri davlat xizmatlariga borganda ularni tushunadigan surdotarjima xizmati yo‘qligidir.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Toshkent shahar “Mehr ko‘zda” markazi va AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistonda huquqiy islohotlar dasturi hamkorligida “Toshkent shahrida ijtimoiy innovatsiyalar asosida nutq va eshitish qobiliyati cheklangan shaxslarga yuridik xizmat ko‘rsatish ijtimoiy loyihasi natijalari” mavzusida davra suhbatida shu kabi muammolar muhokama etildi.

Davra suhbatidan maqsad yuridik xizmat ko‘rsatishda nutq va eshitish qobiliyati cheklangan shaxslarning murojaatlarini tahlil qilish orqali ularning huquqlarini himoya qilish sohasini tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlarini o‘rganish hamda amaldagi qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Mazkur loyihani amalga oshirishda Toshkent shahrida nutq va eshitish qobiliyati cheklangan shaxslarning aliment, oila, meros, uy-joy, subsidiyaga uy-joy ajratish va uy-joy nizolari, moddiy yordam va ishga joylashish kabi masalalarda huquqiy xizmat ko‘rsatishga bo‘lgan talab va ehtiyojlari yuqori ekanligi aniqlangan.

– Tadbirda nutq va eshitish qobiliyati cheklangan shaxslarga ko‘rsatiladigan yuridik yordam masalalarini muhokama qildik, – deydi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov. – Jahonda 1 milliarddan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar bor. Bu jahon aholisining qariyb 15 foizini tashkil qiladi. O‘zbekistonda ham 1 milliondan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar bor. Kar, soqov odam qaysidir davlat tashkilotiga o‘zining muammosini hal qilish uchun boradigan bo‘lsa, davlat tashkilotining rahbari uni tushunmaydi. Kim unga yordam berishi kerak? U odam yoniga surdotarjimon olib borishi kerak. Bizda alohida surdotarjimon tayyorlaydigan oliy o‘quv yurti yoki maxsus o‘quv kurslari yo‘q. bugungi kunda faqatgina “Mehr ko‘zda” markazi 60 nafar surdotarjimonni tayyorladi. Ular yordamida nutq va eshitish qobiliyati cheklangan fuqarolarga qator yordamlar ko‘rsatilmoqda. bugungi kunda konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi 45-moddaga qo‘shimcha kiritilyapti. Unda nogironlarga barcha sohada sharoitlar yaratib berish masalasi nazarda tutilmoqda.

Huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida nutq va eshitish qobiliyati cheklangan shaxslarga sharoit yaratish qonunchilikdagi eng dolzarb masala hisoblanadi. Shu sababli, Davlat xizmatlari markazlarida surdotarjima xizmati tashkil etildi. Unda mamlakatimizdagi so‘nggi huquqiy ma’lumotlarni o‘z vaqtida yetkazish, hafta davomida ish vaqti rejimida onlayn va oflayn tarzda bepul huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Davra suhbatida bundan tashqari, davlat organlari mas’ul xodimlari va vazirlik, idoralar mutaxassislari tomonidan nutq va eshitishda nuqsoni bo‘lgan fuqarolarning moddiy ta’minot olish kafolatlari, ularni ish bilan ta’minlash, huquqiy ma’lumotlarni zamonaviy innovatsiyalar orqali yetkazish, odil sudlov tizimiga kirib borish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish masalalari xususida ham batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.
Davra suhbati yakunida tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni mutasaddi davlat va nodavlat tashkilotlariga taqdim etish haqida kelishib olindi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA