Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurotalik “Yoshlar daftari”dagi yoshlar bandligi ta’minlanmoqda
12:14 / 2021-04-03

2021 yil – "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yili munosabati bilan viloyatning barcha shahar-tumanlarida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Nurota tumanida ham “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan tizimli chora-tadbirlar belgilagan bo‘lib, yoshlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, ularni ijtimoiy-huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash ishlari samarali tashkil etilmoqda.

bugungi kunda tuman aholisi 85 ming 281 nafar bo‘lib, ularning 46 718 nafari, ya’ni 54 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.

– Tumandagi 28 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilgan xatlov jarayonida 18-30 yoshdagilarning 14 ming 223 nafari bilan suhbatlar o‘tkazilib, “Yoshlar daftari”ga 2 ming 405 nafari kiritildi, – deydi Yoshlar ishlari agetligi tuman bo‘limi rahbari Umar Usmonov. – Ularning 1 ming 400 nafari ishsiz, 800 nafari tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlar va 205 nafari iqtisodiy, ijtimoiy va psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar hisoblanadi. Ayni paytga qadar tumanda 976 nafar yoshning bandligi ta’minlangan.

Shu kunlarda viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan tuman va shaharlarda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz, ijtimoiy-himoyaga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlarga tikuv mashinalari tarqatilmoqda. Jumladan nurotalik yoshlarga ham 18 dona tikuv mashinasi yetkazib berildi.

– Nabiram 8 yoshida onasidan, 12 yoshida otasidan yetim qoldi, – deydi Nurota tumani “Yangiobod” MFYda yashovchi Tursun aya Qullimova. – Kichikligidan bizning qo‘limizda tarbiya oldi. Qishloq qizlarining qo‘lidan keladigan hunari kashtachiligu tikuvchilik. Nabiram tikuvchilikni biladi, ammo unga tikuv mashinasi olib berishga qurbimiz yetmadi. Bugun nabiramga keltirilgan tikuv mashinasini ko‘rib judayam xursand bo‘ldim. Endi u ham qo‘ni-qo‘shnilarga tikib beradigan kiyimlari evaziga daromad qilish imkoniga ega bo‘ldi.

– Qizim 25 yildirki eshitish imkoniyatidan mahrum. Har bir ota-onani farzandining ertasi va kelajagi xavotirga soladi, – deydi Nurota tumani “Orasoy” MFYda yashovchi fuqaro Inobat Xoliqova. – Garchi imkoniyati chegaralangan bo‘lsa ham unga qo‘limdan kelgancha hunar o‘rgatishga harakat qildim. Har bir qiz bilishi kerak bo‘lgan tikuvchilik hunarini o‘rgatdim. Erta bir kun o‘zining kelajagi uchun o‘zi harakat qila olishi, hayot yo‘llarida qoqilmay baxtli yashashi uchun farzandga hunar o‘rgatish biz ota-onalarning burchimiz. Garchi tikuv mashinasi olishga imkonimiz bo‘lmasada o‘rgangani o‘ziga foyda, deb bildik. Bugun esa qizim tikuv mashinalik bo‘ldi.

Tumanda yoshlarning muammolarini bartaraf etish maqsadida 2021 yil davomida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo‘yicha 7 yo‘nalishda 54 bandni o‘z ichiga olgan umumiy qiymati 124 milliard 297 million so‘mdan iborat bo‘lgan chora-tadbirlar dasturi asosida ishlar olib borilmoqda.

Abduvali Bo‘riyev,

O‘zA