Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurotada xotin-qizlar tadbirkorligi rivojlanmoqda
15:24 / 2026-01-10

Yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka jalb etish, doimiy daromad manbalari bilan ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus va qarorlar joylarda, xususan, Navoiy viloyati Nurota tumanida ham xotin-qizlar tadbirkorligining izchil rivojlanishiga keng yo‘l ochmoqda.

Ana shunday ezgu tashabbuslar samarasi o‘laroq, tumanda “Adiba kashtachilik markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tadbirkor Bahora Mamarajabova tashabbusi bilan tashkil etilgan markaz qisqa vaqt ichida ko‘plab xotin-qizlarning hayotida muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi
Dastlab tadbirkor tomonidan o‘z xonadonida bir necha nafar ayolga kashta tikish hunarini o‘rgatish orqali ularning daromad topishiga ko‘maklashildi. Keyinchalik tadbirkor faoliyati tuman hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha aniq taklif va rejalar ishlab chiqildi.

Natijada Nurota tumanida yagona bo‘lgan, 8 ta xizmat turini o‘z ichiga olgan “Adiba kashtachilik markazi” tashkil etildi. Markazda milliy kashtachilik an’analari asosida turli mahsulotlar tayyorlanib, zamonaviy bozor talablariga mos ravishda ish olib borilmoqda.

– Markazimiz faoliyat boshlaganiga bir yil bo‘lgan bo‘lsada, shu qisqa vaqt ichida “Ustoz-shogird” an’anasi asosida 100 nafar xotin-qiz kashtachilik hunariga o‘rgatildi, – deydi Bahora Mamarajabova. – Shu bilan birga, markazda 110 nafar xotin-qizning rasmiy bandligi ta’minlanib, ular uchun doimiy ish o‘rni yaratildi. Bu esa nafaqat ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, balki oilalar farovonligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Yurtimizda ilgari surilgan tashabbus, qilingan mehnat doimo e’tiborga olingan va qadrlangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan kashtachi Bahora Mamarajabova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Joriy yilda ham tadbirkor Bahora Mamarajabova tomonidan tumanning olis qishloq hududlarida qo‘shimcha kashtachilik markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu rejalar amalga oshsa, yana ko‘plab xotin-qizlar kasb-hunar egallab, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi shubhasiz.

A.Bo‘riyev, O‘zA