Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurotada qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda
09:17 / 2025-11-07

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Nurota tumanida bo‘lib, bir qator istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

Tumandagi “Oqmachit” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Sanoat zonasi”da “Twin Stone” MCHJ tomonidan granit toshlarni qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda. 

Korxonada granit toshlarini qayta ishlash hamda qurilish sohasida qo‘llaniladigan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytda korxonada qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. 

“Imperial-Granit Nurota” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etuvchi loyiha doirasida esa granit toshlarini qayta ishlash hamda eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Korxona uskunalari Xitoy davlatidan keltirilgan bo‘lib, ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya davlatlariga eksport qilinmoqda.

Hozirda korxonada 35 nafar mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlangan. Loyiha doirasida yiliga 200 ming kvadrat metr tayyor granit mahsuloti ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Tumandagi “Sanoat zonasi” hududida bunyod etilayotgan “An Rui Stone” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan granitni qayta ishlash zavodi ishga tushgach esa 150 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanadi.

“Nurfaxr” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etilayotgan granitni qayta ishlash zavodi loyihasi Xitoyning “Shiji Jianfa Stone” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Umumiy qiymati 100 million AQSH dollariga teng bo‘lgan yirik sanoat loyihasi doirasida zamonaviy texnologiyalar asosida granit mahsulotlarini qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Zavod ishga tushgach, mahalliy va xorijiy bozorlar uchun yuqori sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. 

Bugungi kunda aholini zamonaviy uy-joy bilan ta’minlash, ularning turmush sharoitlari va infratuzilmani yanada yaxshilash eng muhim vazifalardan biri bo‘lib turibdi. Tumanda ham bu muammoni hal etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Viloyat hokimi Normat Tursunov tuman markazidagi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan zamonaviy turar-joy majmuasining qurilish ishlari bilan tanishdi.

Loyiha doirasida 260 xonadondan iborat 5 qavatli turar-joy binolari, shuningdek, mahalla guzari va bolalar maydonchalari qurilishi rejalashtirilgan.

Jarayonda loyiha hujjatlariga muvofiqlik, qurilish sifati va ishlarning belgilangan muddatlarda bajarilishi masalalari o‘rganildi. Mutaxassislar bilan suhbatda aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish bugungi kunning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.

“G‘afur G‘ulom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan yirik savdo majmuasi va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ekti “EKO bozor” ham tuman iqtisodiyoti va aholi turmush darajasi oshishiga xizmat qiluvchi ob’ektlardan biridir. 

Ushbu loyiha qiymati 15 milliard so‘mni tashkil etib, foydalanishga topshirilgandan keyin bu yerda aholiga savdo hamda maishiy xizmat ko‘rsatiladi. Eng muhimi 60 ta yangi ish o‘rni yaratilib, mahalliy aholi bandligi ta’minlanadi. 

Viloyat hokimi amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish chog‘ida tadbirkorlar bilan suhbatlashib, ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etishda uchrayotgan muammolarini eshitdi va ularni hal etish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi. 

Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hudud sanoat salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini kengaytirish va aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri