French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurota turizm manziliga aylanmoqda
14:20 / 2026-03-03

Navoiy viloyatining Nurota tumanida turizm va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, joriy etilgan maxsus soliq rejimi mahalliy tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Mazkur tartib mehmonxona (joylashtirish), savdo, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar xizmatlar, turoperator va turagentlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, hududda turizm infratuzilmasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Katta soy mahallasining umumiy yer maydoni 35 ming gektarni tashkil etadi. Hududda 400 ga yaqin xonadon mavjud bo‘lib, 2000 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ayni paytda mahallada 11 ta turizm ob’ekti faoliyat yuritmoqda. Shundan 6 tasi ekoturizm yo‘nalishiga ixtisoslashgan bo‘lsa, 1 ta madaniy meros ob’ekti sayyohlar e’tiborini tortmoqda.  

Oilaviy tadbirkorlar tomonidan 6 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilgan. Yaqin istiqbolda yana 6 ta oilaviy mehmon uyi va 5 ta turizm xizmati ob’ekti ishga tushirilib, jami 11 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti faoliyat boshlashi rejalashtirilgan. Bu esa hududni turizmga ixtisoslashgan maskanga aylantirishda muhim qadam bo‘ladi.

– Bugungi kunda mahallada amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik investitsion loyiha tuman turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Sa’dulla Mirzayev. – Tabiiy tog‘ manzaralari, musaffo havo va soylar bilan ajralib turadigan ushbu maskanda zamonaviy turizm infratuzilmasi yaratish ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida 20 ta oilaviy mehmon uyi, 70 ta modul va kapsulali joylashtirish vositalari barpo etiladi. Quyosh panelli tungi yoritish tizimi joriy qilinib, tabiiy landshaft fonida tomosha maydonchasi va dam olish hududlari tashkil etiladi.

[gallery-27937]

Qo‘shimcha ravishda 20 ta gastro uy, 10 ta suv havzasi, 15 ta savdo nuqtasi, 5 ta hunarmand uyi, 3 ta uy-muzey, 5 ta Wi-Fi nuqtasi va 20 ta otda sayr yo‘nalishlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Tomosha maydonchasi qurilishi uchun 1,5 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirilib, yillik 120 ming nafargacha tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi va 10 ta yangi ish o‘rni ochiladi. Shuningdek, 350 million so‘mlik “Zipline” loyihasi amalga oshirilib, yillik 60 ming nafargacha sayyohni qabul qilish hamda 5 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Umuman olganda, loyiha to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng yillik 150 ming nafargacha sayyoh tashrifi ta’minlanadi va 120 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Hududga “Turizm qishlog‘i” maqomini berish rejalashtirilgan. Bu tashabbuslar ekologik, oilaviy va ekstremal turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, mahalliy aholi bandligini ta’minlash hamda xizmat ko‘rsatish sohasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Nurota tumanida amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar hududning turistik jozibadorligini oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash va mahalliy byudjet tushumlarini ko‘paytirishga mustahkam zamin yaratmoqda. Bu esa turizmni iqtisodiyotning muhim drayveriga aylantirish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biridir.

A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari