Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurota tumanida faxriy jurnalistning “Mahorat maktabi” tashkil etildi
12:15 / 2022-08-31

Mustaqilligimizning qutlug‘ 31 yilligi bayrami oldidan nurotalik faxriy jurnalist Sharbat Muxtorovaning tuman yosh ijodkorlari uchun “Nurnoma” gazetasi huzurida “Mahorat maktabi” tashkil etildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi - Navoiy viloyatining Nurota tumanida ijod qilib kelayotgan ustoz jurnalist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Sharbat Muxtorova joriy yil 73 yoshni qarshi oldi.

Ustoz jurnalist qariyb 50 yil turli matbuot, ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib bordi.

Purviqor tog‘lar bag‘rida joylashgan, tarixiy qadamjolar va ulug‘ ziyoratgohlarga boy bo‘lgan Nurota tumani nafaqat ishlab chiqarish, tadbirkorlik, chorvachilik sohasi rivoj topgan zamin, balki ma’naviy-ma’rifiy, ijodiy muhit yanada sayqallangan makon hisoblanadi. Zero, bu makon qanchadan-qancha ijodkorlar, shoirlar, olimlar va fuzalolarning kamol topishiga beshik bo‘lgan.

[gallery-8596]

Sh.Muxtorova faoliyatini dastlab Nurota tumanidagi “Ilg‘or chorvador” gazetasida musahhihlikdan boshlab, uzoq yillar tahririyatda turli vazifalarda faoliyat ko‘rsatdi. Bir necha yil Nurota tumani radiosi, tuman televideniyesi bosh muharriri, Nurota tumani bosmaxonasi direktori singari mas’ul vazifalarda sidqidildan mehnat qildi.

Ustoz jurnalistning samarali mehnatlari munosib e’tirof etilib, 2002 yilda davlatimizning yuksak mukofoti - “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. 2018 yilda esa II-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan rag‘batlantirildi.

Ayni paytda u Nurota tumanining “Nurnoma” gazetasida  faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bugun Sharbat Muxtorovaning ta’limini olgan yuz nafarga yaqin shogirdlari nafaqat Nurota tumanida, balki viloyat, respublikaning turli ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan hududlarda faxriy jurnalistlarning “Mahorat maktabi” faoliyati tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda.

 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA