English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurota tumani hokimi: “Maqsad aniq, rejalar esa bisyor”
19:46 / 2021-12-15

Xalqimizda yaxshi bir odat bor: Har bir yil o‘z nihoyasiga yetib borar ekan, albatta, sarhisob qilinadi. Nimalarga erishildi-yu, rejadagi qay bir yumush bajarilmay qoldi. Kelgusida yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamasdan, aniq maqsadlar sari ishni tashkil etish belgilab olinadi.

Ortda qolayotgan 2021 yil barchamiz uchun ulkan muvaffaqiyatlar yili bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zA muxbiri Navoiy viloyati Nurota tumani hokimi Umarbek Xalilov bilan 2021 yilda iqtisodiy yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yil rejalari xususida suhbatlashdi.

– Yakunlanayotgan 2021 yil yakuniga ko‘ra sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 339 milliard so‘m, xalq iste’mol mollari 273,5 milliard so‘m, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 1 trillion 299,6 milliard so‘m, qurilish ishlari 313,2 milliard so‘m, chakana savdo aylanmasi 394,9 milliard so‘m va xizmatlar hajmi 364 milliard so‘mga yetkaziladi, – deydi Umarbek Xalilov.Tumanda joriy yil boshida 2021-2023 yillarda qiymati 419,5 milliard so‘mlik 128 ta sanoat, qishloq xo‘jaligi, hamda xizmatlar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish hisobiga 773 ta yangi ish o‘rni tashkil etish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib ijroga qaratilgan edi.

[gallery-5103]

Jumladan, joriy yilda 170,6 milliard so‘mlik 116 ta hududiy loyiha amalga oshirilishi natijasida 420 ta yangi ish o‘rni yaratilishi maqsad qilingan edi. Dastur ijrosini ta’minlash uchun 114,9 milliard so‘m kredit mablag‘lari, 500 ming AQSH dollari xorijiy kredit va 2,6 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. bugungi kun holatiga qiymati 176 milliard so‘mlik 116 ta loyiha ishga tushirilib, 540 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Jumladan, tumanning olis Suvliq xududida yangidan aniqlangan granit konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha Hindiston davlati bilan hamkorlikda “Edifeys” MCHJ korxonasi tomonidan 3 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshirilib, yillik 10 ming m/kub granit qazib olish quvvati ishga tushirildi. Qiymati 500 ming dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga marmar va granit toshlarni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan “Bestersten group” O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma korxonasi tomonidan zamonaviy uskunalar o‘rnatilib tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda amalga oshirilgan loyihalar hisobiga 50 milliard so‘mdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarildi va xizmatlar ko‘rsatildi, byudjetga qo‘shimcha 6,5 milliard so‘mlik tushumlarning tushishiga erishildi.

– Mavjud imkoniyatlar va tumanning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tumanda yangi kichik sanoat zonalarini tashkil qilish borasida qanday amaliy ishlar olib borilmoqda?

– bugungi kunda tumanning “Istiqbol” MFY hududida 10 gektar yer maydonida kichik sanoat zonalari tashkil etish maqsadida ichimlik suvi tarmog‘i, yo‘l infratuzilma ob’ektlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, Mustaqillik mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 3 gektar yer maydonida Yoshlar sanoat tadbirkor zonasi tashkil etilib, yer maydonlari bosqichma-bosqich auksion savdolari orqali tadbirkorlarga ajratilmoqda.

Tumanda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmining oshirilishi natijasida import mahsulotlarining kamayishi, energiya samarador texnologiyalarni joriy qilish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Nurota tumanida 2020 yil yakuni bo‘yicha jami 345 ta sanoat korxonalari tomonidan 289,2 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 339 milliardga yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,2 foizga oshishi kutilayotganligi ham bu boradagi ishlarimiz o‘zining samarasini berayotganligidan dalolat beradi. Shu paytga qadar mavjud sanoat korxonalarida 37 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2020-2021 yillarda sanoat sohasidagi yangi loyihalar amalga oshirilishi natijasida yana 5 ta yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Tumanda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishning yangi quvvatlarini tashkil etish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2021 yilda “Navoiy Eco Carbon” MCHJ tomonidan aktivlashtirilgan ko‘mir mahalliylashtirilgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish evaziga 390 ming AQSH dollari ekvivalentidagi valyuta tejalishiga erishildi.

– Albatta, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholining turmush darajasini oshirishda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikning o‘ziga xos o‘rni bor. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami qanday?

– Tahlillarga e’tibor qarataylik. 2018 yil 1 yanvar holatiga tumanda faoliyat olib borayotgan kichik biznes sub’ektlari soni 755 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil 1 dekabriga kelib ularning soni qariyb 2 barobarga yoki 1372 taga ko‘paygan. Xususan, 2019 yilda 122 ta kichik biznes sub’ektlari yangidan tashkil etilgan bo‘lsa, 2021 yilning 11 oyi davrida 228 ta kichik biznes sub’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, yangi korxonalar tashkil etish ko‘rsatkichi qariyb 2 karra ko‘payganligini ko‘rish mumkin. Ayni paytda kichik biznesni rivojlantirishda mablag‘ masalasini ijobiy hal etish birinchi galdagi vazifa hisoblanadi. Joriy yilning 11 oyi davomida tijorat banklari tomonidan aholi tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar doirasida 2020 ta jismoniy va yuridik shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 47,7 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

– Nurota tumani azaldan o‘zining hunarmandchilik mahsulotlari bilan respublikamizda o‘z o‘rniga ega. Shunday emasmi?

– Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Tadbirkor boy bo‘lsa, xalq ham, davlat ham boy bo‘ladi”. Shundan kelib chiqib, “Har bir tadbirkorga – ko‘makdosh, yelkadosh va madadkormiz!” g‘oyasini hayotga tadbiq etish barcha darajadagi rahbarlarning oldida turgan birinchi galdagi vazifalari bo‘lib qolmoqda. bugungi kunda tumanda hunarmandchilikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilishi va ularga 1 milliard so‘m tijorat banklarining kreditlari ajratilishi hisobiga birgina joriy yilda 88 ta yangi hunarmand tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, usta hunarmandlar tomonidan 223 nafar shogird kasb-hunarga o‘rgatildi va bandligi ta’minlandi. Tumandagi ishsiz fuqarolardan jami 363 nafari kasb-hunarlarga o‘qitishga jalb qilindi.

O‘tgan davr mobaynida ishsiz sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 14 fuqaroga tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish xarajatlarini qoplash maqsadida subsidiyalar ajratildi.

– Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, albatta bevosita tuman mahalliy byudjeti tushumlariga ham o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Bu borada rejalar qanday bajarilmoqda?

– Joriy yilda byudjet daromadlari bo‘yicha belgilangan 28,6 milliard so‘mlik prognoz ko‘rsatkichlari yanvar-dekabr oylari yakuni bilan 33,5 milliard so‘m yoki 117,1 foizga ijro etilishi kutilmoqda.Tumanda 2021 yilda mahalliy byudjet daromadlari bo‘yicha belgilangan 15,2 milliard so‘mlik prognoz ko‘rsatkichlari esa yanvar-noyabr oylari yakuni bilan 15,8 milliard so‘m yoki 103,9 foizga ijro etilgan bo‘lsa, joriy yil yakuniga qadar jami mahalliy byudjet tushumlari 17,2 milliard so‘mga yoki 113,1 foizga bajarilishi kutilmoqda. Joriy yilda tuman mahalliy byudjeti daromadlarining 2 milliard so‘m rejadan ortiqcha bajarilgan qismining 904 million so‘mi tumanda tashkil etilgan maqsadli jamg‘armalar orqali “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalariga ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirildi. Bundan tashqari, 1,1 milliard so‘m mablag‘lar tuman hududida obodonlashtirish va infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash, byudjet tashkilotlarini qo‘shimcha moliyalashtirish maqsadlariga ajratilgan.

– bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan davrda iqtisodiyot tarmoqlariga raqamli texnologiyalarni jalb etish masalasi qanday hal etilmoqda?

– Tumanda ham raqamli iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish borasida tizimli ishlar amalga oshirilib, joriy yilda tuman markazida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi, ya’ni, IT markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘quv markazida yiliga 1000 nafardan ortiq yoshlar uchun kompyuterdan samarali foydalanish, dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi va dizayn, robototexnika, veb-dizayn asoslari, dasturlash tillari, veb va mobil ilovalarni yaratish kabi o‘quv kurslari hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbar va xodimlari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, Internet provayderlar tomonidan tuman markazining aholi gavjum hududlarida Wi-Fi xizmatlari tashkil etilib, Nurota shahrida 5 ta hududda (“Chashma” tarixiy-me’moriy majmua atrofida, tuman markaziy dehqon bozori, Ergash Jumanbulbul bog‘i, tuman markaziy shifoxonasi, Dehibaland MFY hamda Chuya qishlog‘ida) bepul Wi-Fi xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.

– Tumanda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish ahvoli qanday?

– Joriy yilning 10 dekabr holatiga Nurota tumanida 3 million 352 ming dollar mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Bunda sanoat mahsulotlari 3 million 260 ming dollarni, meva-sabzavot mahsulotlari 92 ming. dollarni tashkil etdi. Tahlillarga e’tibor qaratsak: Tumanning eksport ko‘rsatkichlari 2017 yilda 975,4 ming AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ushbu ko‘rsatkich, 3,5 karraga oshganligini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. “Premiyer tekstil” xususiy korxonasi tomonidan bugungi kunga qadar 2 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan bo‘lsa, yil yakuniga qadar yana 120 ming AQSH dollarilik mahsulotlar eksporti amalga oshirilishi ta’minlanadi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ushbu korxonaga 1 milliard 735 million so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib berilgan. Bu mablag‘ korxona faoliyatini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida tumandagi eksportyor korxonalari tomonidan jahonning 4 ta mamlakatiga eksport amalga oshirildi va Xitoy, Belorussiya va Ukraina bozorlari yangidan o‘zlashtirilishiga erishildi.

– Nurota tumanida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilib, zamonaviy arxitektura va qurilish talablari asosidagi yangi infrastrukturaviy, ijtimoiy-madaniy va boshqa ob’ektlar, uy-joylar qurilib foydalanishga topshirilmoqda...

– Albatta, joriy yilda tumanda markazlashgan manbalar hisobidan umumiy qiymati 118,2 milliard so‘m bo‘lgan 152 ta loyihalarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Birgina Investitsiya va “Obod qishloq” dasturi doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan 20 ta ob’ektlarda jami 45,8 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hisobot davrida 44,8 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi va 15 ta ob’ektda qurilish ishlari nihoyasiga yetkazildi. 1 ta 2022 yilga o‘tuvchi ob’ektda ajratilgan limitlar o‘zlashtirildi. Joriy yilning 25 dekabriga qadar qolgan 4 ta (tuman markazidagi Madaniyat uyi, BO‘SM hamda Qizilcha va Temirqovuq qishloqlaridagi ichimlik suv ob’ektlari) ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanadi. Shuningdek, viloyat mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan 5 ta (3 ta maktab 10, 31, 39-umumta’lim maktablari, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti 5, 12-sonli MTT,) ob’ektlarga jami 3,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, hozirgi kunda 3 ta umumta’lim maktablarida qo‘shimcha bino qurish ham 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, tuman markazidagi Sh.Rashidov va S.Siddiqov ko‘chalaridagi 1,8 km avtomobil yo‘llarini to‘liq ta’mirlash, zamonaviy tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish, piyodalar va velosiped yo‘laklarini qurish ishlarini amalga oshirish natijasida 6,4 milliard so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirildi. Joriy yilda tuman markazida, qishloqlardagi ichki avtomobil yo‘llarining 58 km qismini tuproqdan shag‘alga hamda 16 km shag‘al yo‘lni asfalt yo‘lga o‘tkazish ishlari amalga oshirilib, mazkur ishlarni amalga oshirish uchun qariyb 15 milliard so‘mlik respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari yo‘naltirildi.

“Obod qishloq” dasturi doirasida tumandagi Qizilcha hamda Temirqovuq qishloqlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlari, aholi xonadonlari, infratuzilma ob’ektlari va boshqa bir qator ob’ektlar tartibga keltirildi. Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 45 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar yo‘naltirildi. E’tiborli jihati shundaki “Obod qishloq” dasturi doirasida Qizilcha hamda Temirqovuq qishloqlari aholisining azaliy orzulari bo‘lgan ichimlik suvi muammosi bartaraf etilib, 12,2 milliard so‘m mablag‘lar hisobidan Qizilcha qishlog‘ida 30 km suv quvuri yotqizish va 3 dona yer osti tik qudug‘ini qazish 1 dona suv minorasini o‘rnatish hamda mavjud suv saqlash hovuzini ta’mirlash va 1 dona 300 m3 suv saqlash inshootini qurish ishlari, shuningdek, Temirqovuq qishlog‘ida qiymati 2,2 milliard so‘m 17 km. suv quvuri yangidan yotqizish ishlari to‘liq amalga oshirilgan bo‘lib, hozirgi kunda aholi xonadonlariga alohida ichimlik suv nuqtalarini tortish va ichimlik suv hisoblagichlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.Mazkur suv inshootlarini qurish va ta’mirlanishi natijasida tuman aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 11 foizga oshib, 61,7 foizga yetkazilishiga erishildi.

– “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” tashkil etilgan. Bu borada tumanda qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?

– Bu borada tumanda “mahallabay”, “xonadonbay” ishlash tizimi o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Joriy yilda “Ayollar daftari”ga birinchi bosqichda 1610 nafar xotin-qiz kiritilib, ularning 593 nafariga barcha manbalar hisobidan 959 million so‘mlik yordamlar ko‘rsatilib, 266 nafar ayolni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish maqsadida 3 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratilgan. 5 nafar xotin-qizning uy-joylarini ta’mirlash uchun 125 million so‘m mablag‘lar yo‘naltirilgan.

Ikkinchi bosqichda esa “Ayollar daftari”dagi 1791 nafar ayolni ijtimoiy himoya qilish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish va boshqa yo‘nalishlarda amaliy yordamlar ko‘rsatilib, 292 nafar ishsiz ayolning bandligi ta’minlangan. Yuz nafar xotin-qizga 7 million so‘mdan jami, 700 million so‘mlik inkubator, 100 nafariga 220 million so‘mlik tikuv mashinalari yetkazib berildi. 165 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 1,7 milliard so‘m kreditlar ajratildi. Boquvchisini yo‘qotgan 84 nafar, ijtimoiy yordamga muhtoj 116 nafar 1-2-guruh nogironlari, 14 nafar qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan xotin-qizning har biriga 20 donadan tovuq omuxta yemi bilan, shuningdek, ushbu toifadagilar va uy-joyi ta’mirga muhtoj 5 nafar 1-guruh nogiron ayollarga bir martalik 980 ming so‘mdan moddiy yordam pullari ajratildi.

Uy-joy ta’miriga muhtoj 1-guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizning uy-joy ta’miri uchun 50 million so‘m mablag‘ “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan ajratilib, 461 nafar tibbiy himoyaga muhtoj ayollar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, ular mavjud kasalliklari bo‘yicha toifalarga ajratilib, 226 million so‘mlik dori-darmon vositalari yetkazib berildi. Joriy yilda 2444 nafar yosh “Yoshlar daftari” platformasiga kiritilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida ko‘rsatilgan turli amaliy qo‘llab-quvvatlashlar natijasida hozirda 2402 nafar yoki 98,3 foiz yoshlar daftardan chiqarildi.

Jumladan, 614 nafari tumandagi korxona, tashkilot va tadbirkorlik sub’ektlariga doimiy ishlarga joylashtirilgan bo‘lsa, 670 nafariga o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun subsidiyalar berilgan.Bundan tashqari, 738 nafariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun tijorat banklarining 16,8 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Shuningdek, 164 nafar yoshlarga qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borishi uchun yer ajratilgan bo‘lsa, 23 nafar yosh “Ustoz-shogird” an’analari asosida hunarmandlarga biriktirildi va 193 nafar yoshga ijtimoiy iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi. Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 845 nafar yoshni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 milliard so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishi ta’minlandi.

– 2021 yil yakunlanib, 2022 yilga qadam qo‘ymoqdamiz. Kelgusi yilda tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlatirish bo‘yicha rejalar qanday?

– Albatta, kelgusi yil uchun hozirdan rejalar tuzib, o‘z oldimizga ulkan maqsadlar qo‘yganmiz, Jumladan, birinchi navbatda tumanimizning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarining barqarorligini, ya’ni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 108,4 foizga, xalq iste’mol mollari hajmini 107,3 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini 109,6 foizga, qurilish ishlari hajmini 105,2 foizga, chakana savdo aylanmasi hajmini 106,7 foizga va xizmatlar hajmini 108,1 foizga o‘sishiga erishish hamda tuman mahalliy byudjeti tushumlarini ko‘paytirish masalasida qo‘shimcha manbalarni aniqlash va byudjetga 24 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar tushumini ta’minlashimiz zarur.

Ikkinchidan, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz, yangidan ochiladigan tadbirkorlik sub’ektlari sonini 2021 yilga nisban 1,3 barobar ko‘paytirish rejamizda bor. Tumanda iqtisodiy faollikni oshirishga turtki beruvchi sanoatni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan o‘ndan ortiq noruda xomashyo zaxiralari, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasida 65 dan ortiq me’moriy, arxeologik va ekoturizm ob’ektlari, qishloq xo‘jaligida intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish, yirik va kichik shoxli mollar sonini ko‘paytirish imkonini beruvchi yaylovlar va baliqchilikni rivojlantirish imkonini beruvchi yirik “Aydarko‘l” tabiiy suv havzasi mavjudligi tumanda har qanday sohada yirik, o‘rta va kichik hajmdagi loyihalarni tashkil etish imkoniyati mavjud.

Shulardan kelib chiqib, 2022 yilda umumiy qiymati 170 milliard so‘mlik 45 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 520 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratish diqqatimiz markazida bo‘lishi lozim. Xuddi shuningdek, tumanda mavjud imkoniyat va zaxiralarni inobatga olgan holda chet el investitsiyalarini jalb qilish va yangi salohiyatli loyihalarni shakillantirish, xotin-qizlar uchun doimiy yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasiga alohida e’tibor qaratish, qishloq xo‘jaligida umumiy qiymati 47,8 milliard so‘mlik 37 ta loyihalarni ishga tushirish, bundan tashqari, 1550 gektar yer osti suv zaxirasi mavjud bo‘lgan lalmi va yaylov yer maydonlarini o‘zlashtirish hisobiga 70 gektar bog‘, 315 gektar uzumzorlar, 1165 gektar ozuqa ekinlarini ekilishini tashkil etishni maqsad qilganmiz.

Tumanning eksport salohiyatini oshirish, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish, chet el investitsiyalarini jalb qilish, Investitsiya va boshqa maqsadli dasturga asosan jami qiymati 154 milliard so‘m bo‘lgan ijtimoiy va infratuzilma soha ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan muddatlarda yakuniga yetkazish ham rejamizda bor. Bundan tashqari, 2022 yilda tumandagi Sentob hamda Jarma qishloqlarida “Obod qishloq” dasturi doirasida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev suhbatlashdi,

Siroj Aslonov (surat), O‘zA