Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurota: iqtisodiy yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi
10:35 / 2023-01-01

Xalqimizda yaxshi bir odat bor. Har bir yil o‘z nihoyasiga yetib borar ekan, albatta, sarhisob qilinadi. Nimalarga erishildi-yu, rejadagi qay bir yumush bajarilmay qoldi. Kelgusida yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamasdan, aniq maqsadlar sari ishni tashkil etish belgilab olinadi.

Ortda qolayotgan 2022 yil barchamiz uchun ulkan muvaffaqiyatlar yili bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zA muxbiri Navoiy viloyati Nurota tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Akram BO‘RIEV bilan 2022 yilda iqtisodiy yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va 2023 yil rejalari xususida suhbatlashdi.

– 2022 yil yakuni bilan tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 322,7 milliard so‘m, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 1 trillion 524 milliard so‘m, qurilish ishlari 418,2 milliard so‘m va xizmatlar hajmi 416,8 milliard so‘mga yetkazildi, – deydi A.Bo‘riyev. – Joriy yil boshida qiymati 80,9 milliard so‘mlik 60 ta sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmatlar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish hisobiga 522 ta yangi ish o‘rni tashkil etish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib ijroga qaratilgan edi.

Dastur ijrosini ta’minlash uchun 8,5 milliard so‘m kredit mablag‘lari, 352 ming AQSH dollari miqdorida xorijiy kreditlar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, reja to‘liq bajarildi. 

Jumladan, “Dehibaland” MFY hududida “Ko‘hna Nurota bog‘lari” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 5,2 milliard so‘m (o‘z mablag‘i 3 milliard so‘m, bank krediti 2,2 milliard so‘m) mablag‘ sarflanishi evaziga turizm xizmatlari, umumiy ovqatlanish, savdo va dam olish maskani tashkil etilib 7 ta ish o‘rini yaratildi. “Qizilcha MFY hududida esa “Aziya bazalt” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 10 milliard so‘mlik bazalt toshini qazib olish va birlamchi qayta ishlash loyihasi ishga tushirildi va 12 kishi ish bilan ta’minlandi.

Shuningdek, A.Temur mahallasida “Anvar Mansur Mirjahon” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 1,1 milliard so‘mlik qo‘ychilikni rivojlantirish loyihasi ishga tushirildi. 

– Mavjud imkoniyatlar va tumanning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tumanda yangi kichik sanoat zonalarini tashkil qilish borasida qanday amaliy ishlar olib borilmoqda?

– Nurota tumani hokimining 2021 yil 16 apreldagi Q-334 sonli qaroriga asosan “Istiqbol” mahallasida 10 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etilgan bo‘lib, ushbu yer maydoni 34 ta lotga bo‘lingan. Sanoat zonasini infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash borasida tuman elektr tarmoqlar korxonasi tomonidan “Nurota 110/35/10” tarmoq nimstansiyasidan alohida moyli o‘chirgich orqali 4 km masofaga ikki tarmoqli, jami 8 km bog‘lamalar orqali kichik sanoat zonasiga ikkita TP 400*2, jami 1600 kv kuchlanishli trasformatorlar o‘rnatilib, elektr tarmog‘iga ulash uchun tayyor holatga keltirilgan. 

Tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan (1 bosqich) 3 km ichki yo‘llarga 30 foiz sheben aralashtirilgan shag‘al yotqizildi.

Ayni paytda tuman “Suv ta’minoti” MCHJ tomonidan 1 ta suv tarqatish inshooti, 3 km suv quvurlari, 1 ta yer osti qudug‘i, 1 ta suvni chuchuklashtirish moslamasi, 1 ta 50 m³ hajmdagi suv saqlash minorasi qurilib, suv bilan ta’minlash holatiga tayyorlanmoqda. Tuman gaz ta’minoti korxonasi tomonidan esa asosiy gaz quvuridan 1,5 km kichik sanoat zonasigacha bo‘lgan masofaga 6 kg sm² bosimli gaz quvurlari tortildi.

bugungi kunda 34 ta lotning barchasi tegishli tartibda elektron auksion savdolariga qo‘yilgan. 

– Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholining turmush darajasini oshirishda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikning o‘ziga xos o‘rni bor. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami qanday?

– Tahlillarga e’tibor qarataylik. 2018 yil 1 yanvar holatiga tumanda faoliyat olib borayotgan kichik biznes sub’ektlari soni 755 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil 1 dekabriga kelib ularning soni 1624 taga yetgan. Ayni paytda kichik biznesni rivojlantirishda mablag‘ masalasini ijobiy hal etish birinchi galdagi vazifa hisoblanadi. Joriy yilning 11 oyi davomida tijorat banklari tomonidan aholi tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar doirasida 2432 jismoniy va yuridik shaxsga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 68,5 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.

– Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, albatta, tuman mahalliy byudjeti tushumlariga ham o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Bu borada rejalar qanday bajarilmoqda?

– Joriy yilda byudjet daromadlari bo‘yicha belgilangan 38,6 milliard so‘mlik prognoz ko‘rsatkichlari yanvar-dekabr oylari yakuni bilan 45,2 milliard so‘m yoki 117,1 foizga ijro etilishi kutilmoqda. Tumanda 2022 yilda mahalliy byudjet daromadlari bo‘yicha belgilangan 37,3 milliard so‘mlik prognoz ko‘rsatkichlari esa yanvar-noyabr oylari yakuni bilan 36,8 milliard so‘m yoki 98,7 foizga ijro etilgan bo‘lsa, joriy yil yakuniga qadar 42,9 milliard so‘mga yoki 115,0 foizga bajarilishi kutilmoqda. 

Joriy yilda tuman mahalliy byudjeti daromadlarining qariyb 4,8 milliard so‘m rejadan ortiqcha bajarilgan qismining 1,6 milliard so‘mi tumanda tashkil etilgan maqsadli jamg‘armalar orqali “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalariga ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirildi. Bundan tashqari, 3,2 milliard so‘m mablag‘ tuman hududida obodonlashtirish va infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash, byudjet tashkilotlarini qo‘shimcha moliyalashtirish maqsadlariga ajratilgan.

– Tumanda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish ahvoli qanday?

– Nurota tumanida 2022 yil uchun eksportni amalga oshirish rejasi 3 million 635,4 ming AQSH dollari, shundan sanoat mahsulotlari 3 million 154,1 ming AQSH dollari, meva-sabzavot mahsulotlari 481,3 ming AQSH dollari etib belgilangan.

Yanvar-dekabr oylarida eksportyor korxonalar tomonidan jami 6 million 32 ming AQSH dollari (rejaga nisbatan 166 foiz) miqdorida mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

Jumladan, tumandagi "PREMIER TEXTILE" XK tomonidan 2022 yilda 4 million 659,2 ming AQSH dollarlik tayyor trikotaj mahsulotlari Rossiya davlatiga eksport qilib kelmoqda.

Bundan tashqari, "FARIDBEK ZAFARBEK" MCHJ tomonidan 138,4 ming dollarlik marmar mahsulotlari Qozog‘iston davlatiga eksport qilinmoqda.

Joriy yil tumandagi eksportyor korxonalari tomonidan jahonning 9 ta mamlakatiga eksport amalga oshirildi va Ruminiya, Buyuk Britaniya, Qatar va Isroil bozorlari yangidan o‘zlashtirilishiga erishildi.

– Nurota tumanida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilib, zamonaviy arxitektura va qurilish talablari asosidagi yangi ijtimoiy-madaniy va boshqa ob’ektlar, uy-joylar qurilib foydalanishga topshirilmoqda...

– Albatta, joriy yilda tumanda markazlashgan manbalar hisobidan umumiy qiymati 47,7 milliard so‘m bo‘lgan 11 ta loyihada qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Birgina Investitsiya va “Obod qishloq” dasturi doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan 20 ta ob’ektlarda jami 25 milliard 680 million so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. 

Joriy yilda “Jarma” qishlog‘ida “Obod qishloq” dasturi doirasida 4 milliard 718 million so‘m mablag‘ sarflanib, 29,7 km tuproq yo‘l shag‘al qoplamaga, 2,1 km yo‘l esa shag‘al qoplamadan asfalt qoplamaga o‘tkazildi. “Mustaqillik” MFY ichki yo‘llari 1 milliard 798 million so‘m sarflanib, 3,14 km sementbeton qoplamali yo‘l qurildi. 

“Sentob” qishlog‘ida 200 metrlik piyodalar yo‘lakchasi foydalanishga topshirildi. “Nurobod” MFY “Nurli yo‘l” ko‘chasining me’moriy qiyofasini zamonaviylashtirish va obodonlashtirish ishlariga 2 milliard 574 million so‘m evaziga yo‘l chetiga LK-6 lotok o‘rnatilib, 1,6 km piyodalar harakatlanishi uchun piyodalar va velosiped yo‘lagi, asfalt qoplamali yo‘l qurildi.

“Obod qishloq” dasturi doirasida tumandagi Sentob va Jarma qishloqlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlari, aholi xonadonlari, infratuzilma ob’ektlari va boshqa bir qator ob’ektlar tartibga keltirildi. Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 25 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. E’tiborli jihati shundaki, “Obod qishloq” dasturi doirasida Jarma qishlog‘i aholisining azaliy orzusi bo‘lgan ichimlik suvi muammosini bartaraf etish maqsadida 624 million so‘m mablag‘ sarflanib, 2,6 km suv quvurini yangidan yotqizish ishlari to‘liq amalga oshirildi. Mazkur suv inshootlarini qurish, yangi tarmoq tortish va ta’mirlanishi natijasida tuman aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 54,2 foizga yetkazildi.

– “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” tashkil etilgan. Bu borada tumanda qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?

– Bu borada tumanda “mahallabay”, “xonadonbay” ishlash tizimi o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Joriy yilda “Ayollar daftari”ga uchinchi bosqichda 1807 nafar xotin-qiz kiritilib, ularga barcha manbalar hisobidan 4 milliard 330 million so‘mlik yordamlar ko‘rsatildi. 150 nafar ayolni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish maqsadida 2 milliard 230 million so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratilgan. 4 nafar xotin-qizning uy-joylarini ta’mirlash uchun 36 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. 787 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. 

Joriy yilda 880 nafar yosh “Yoshlar daftari” platformasiga kiritilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida ko‘rsatilgan turli amaliy qo‘llab-quvvatlashlar natijasida hozirda 835 nafar yoki 94 foiz yoshlar daftardan chiqarildi.

Jumladan, 26 nafari tumandagi korxona, tashkilot va tadbirkorlik sub’ektlariga doimiy ishlarga joylashtirilgan bo‘lsa, 118 nafariga o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun subsidiyalar berilgan. Bundan tashqari, 19 nafariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun tijorat banklarining 460 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Shuningdek, 60 nafar yoshga qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borishi uchun yer ajratildi. 

– 2023 yilni boshladik. Bu yil tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlatirish bo‘yicha rejalar qanday?

– Rejalar tuzib, o‘z oldimizga ulkan maqsadlar qo‘yganmiz. Jumladan, birinchi navbatda tumanimiz makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari barqarorligini, ya’ni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 106,5 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini 103 foizga, qurilish ishlari hajmini 110,5 foizga va xizmatlar hajmini 113 foizga o‘sishiga erishishni ta’minlashimiz zarur.

Ikkinchidan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratamiz, yangidan ochiladigan tadbirkorlik sub’ektlari sonini 2022 yilga nisban 106 foizga ko‘paytirish rejamizda bor. Tumanda iqtisodiy faollikni oshirishga turtki beruvchi sanoatni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan o‘ndan ortiq noruda xomashyo zaxiralari, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasida 20 dan ortiq me’moriy, arxeologik va ekoturizm ob’ektlari, qishloq xo‘jaligida intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish, yirik va kichik shoxli mollar sonini ko‘paytirish imkonini beruvchi yaylovlar va baliqchilikni rivojlantirish sohasida yirik, o‘rta va kichik hajmdagi loyihalarni tashkil etish imkoniyati mavjud.

Shulardan kelib chiqib, 2023 yilda umumiy qiymati 189 milliard so‘mlik 40 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 430 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Xuddi shuningdek, tumanda mavjud imkoniyat va zaxiralarni inobatga olgan holda chet el investitsiyalarini jalb qilish va yangi loyihalarni shakllantirish, xotin-qizlar uchun doimiy yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasiga alohida e’tibor qaratish, qishloq xo‘jaligida umumiy qiymati 29,7 milliard so‘mlik 6 ta loyihani ishga tushirish, bundan tashqari, 700 gektar yer osti suv zaxirasi mavjud bo‘lgan lalmi va yaylov yer maydonlarini o‘zlashtirish hisobiga 100 gektar uzumzor hamda 600 gektar maydonda pista va dorivor o‘simliklar ekilishini maqsad qilganmiz.

Tumanning eksport salohiyatini oshirish, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish, chet el investitsiyalarini jalb qilish, Investitsiya va boshqa maqsadli dasturga asosan ijtimoiy va infratuzilma soha ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan muddatlarda yakuniga yetkazish ham rejamizda bor. Bundan tashqari, 2023 yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev suhbatlashdi.