Mamlakatimizda keksalarni e’zozlash, ularning hayotiy tajribasini qadrlash va jamiyatdagi nufuzini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilayotgani kabi Sirdaryo viloyatida ham "Nuroniylar haftaligi" doirasida tadbir tashkil etildi.
Guliston shahridagi "Zomin" to‘yxonasida "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limining tashabbusi bilan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda o‘z mehnati, hayot yo‘li va fidoyiligi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh nuroniylarga "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishonlari topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2017 yil 14 iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tkazilgan mazkur tadbirda viloyat shahar va tumanlarida istiqomat qilayotgan, faolligi va tashkilotchiligi bilan o‘rnak bo‘layotgan keksa avlod vakillari ishtirok etdilar.

Bu yil ham o‘z faoliyati bilan jamiyat taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shib kelayotgan bir guruh sirdaryolik nuroniylar ushbu ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lishdi.
Tantanali marosimda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov, respublika "Nuroniy" jamg‘armasi raisi, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev hamda jamg‘arma boshqaruvi raisining o‘rinbosari, taniqli publitsist Sharof Ubaydullayev nutq so‘zlab, keksalarni e’zozlash masalasi doimiy ravishda davlat siyosati markazida ekanini ta’kidladilar. Ular fidoyi nuroniylarni samimiy tabriklab, ularning hayotiy tajribasi va mehnat yo‘li yoshlar uchun namuna ekanini qayd etdilar.
Shuningdek, tadbirda "Nuroniy" jamg‘armasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi raisi O‘tbosar Abdiyev ham "Adolat" SDPning ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Sardoba tumanining "Navro‘z" mahallasida istiqomat qilayotgan, "Nuroniy" jamg‘armasining tuman bo‘limi raisi Asqar Muhammadiyev ham "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.
– Bugungi shonli kun men uchun juda qadrli, – deydi Asqar Muhammadiyev. – Davlatimiz rahbari tomonidan keksalarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik biz nuroniylarning qalbini go‘yo yoshartirgandek bo‘ldi. Bu e’tirof faqat shaxsimga emas, balki butun mahallamiz, tumanimiz nuroniylariga berilgan katta ishonch deb bilaman. Biz har doim yoshlar tarbiyasida, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishda faol bo‘lishga intilamiz. Shu yo‘lda xizmat qilish — biz uchun sharaf.
Uzoq yillar "Nuroniy" jamg‘armasining Yangiyer shahar bo‘limi raisi bo‘lib mehnat qilgan Bozorboy Hakimov ham mazkur tadbir yuzasidan o‘z fikrini bildirdi: – Biz nuroniylarga bo‘lgan bu kabi e’tibor va izzat-hurmat orqali jamiyatda yoshlar bilan keksalar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘lanish yanada mustahkamlanadi. Shunday sharafli kunlar bizga ham kuch, ham ruhiy quvvat bag‘ishlaydi, – dedi u.

Tantananing davomida adabiy-badiiy dastur namoyish etildi. Viloyat san’at ustalari ishtirokida konsert dasturi ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Nuroniylar uchun to‘kin dasturxon yozilib, osh tortildi.
Qutlug‘ tadbirda nuroniylarning samimiy duolari, davlatimiz rahbarining keksalarga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik so‘zlari yana bir bora yangradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri