Mamlakatimizda nuroniylarning duolarini olish, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish borasidagi ezgu ishlar hajmi tobora ortdi.
Poytaxtimizdagi Kasaba uyushmalari saroyida tabarruk nuroniylarimizga "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston "Nuroniy" jamg‘armasi Vasiylik Kengashi Raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev mamlakatimizda kechayotgan shiddatli yangilanishlar jarayonida tabarruk yoshdagi insonlarga hurmat ko‘rsatish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish borasida katta hajmdagi ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
E’tirof etilganidek, Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi tegishli farmonida O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan ko‘plab ezgu tashabbuslar ilgari surilgan.
[gallery-26492]
Yurtimizda qabul qilinayotgan milliy qonunchilikda faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasidagi jamg‘armaning rolini kuchaytirish, uning faoliyatini yanada takomillashtirish, faxriylarning jamoatchilik va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini oshirish, jamg‘armaning moliyaviy va tashkiliy faoliyatini yanada kuchaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, keksalarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat rivoji yo‘lida mehnat qilishi, salomatligini asrash, yolg‘iz, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, turli vazirliklar, huquq-tartibot sohasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va uning tizimidagi institutlar, Badiiy akademiya, Din ishlari qo‘mitasi, Musulmonlar idorasi, san’at va madaniyat muassasalari, partiyalar, mahalla faollari, ijtimoiy soha vakillariga, turli jamoat tashkilotlarida uzoq yillar ishlagan nuroniylarga "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Keksalari e’zozlangan, halol mehnat qadr topgan shunday yurtda yashayotganimdan behad mamnunman, – dedi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent shahar kengashi ijtimoiy sug‘urta bo‘limi yetakchi mutaxassisi Anbarxon Eshniyazova. – Nuroniylarga ko‘rsatayotgan cheksiz e’tibori uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman.
Tantanali tadbirda mumtoz kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA