Nukusda xalq xo‘jaligining turli sohalarida samarali mehnat qilgan nuroniylar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, xalqimiz azaldan keksalarning boy hayotiy tajribasini o‘rganish, maslahat va nasihatlariga quloq tutish, ularga doimo hurmat ko‘rsatish, e’zozlashni yuksak qadriyat sanagan. Albatta, nuroniylarning yurtimizni yanada rivojlantirish, aholining baxtli va farovon hayotini ta’minlash, ko‘p millatli xalqimizning hamjihatligini asrash, yoshlarimizni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi fidokorona mehnatlari yuksak qadrlanadi.

Prezidentimizning maxsus qarori bilan ta’sis etilgan "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni yurtimizda barcha sohalarda uzoq yillar davomida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizga har yili berib kelinmoqda. Qolaversa, o‘z hayotini oila mustahkamligini saqlashga, farzandlarimizni jamiyat oldidagi mas’uliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida hamda Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga bag‘ishlagan, jamiyatimizda hurmat topgan onalar ushbu mukofotga munosib deb topilmoqda. Bu davlatimiz rahbarining yurtimizdagi nuroniylarga bo‘lgan doimiy e’tiborining yana bir ifodasidir.

Albatta, bu mukofotlar, o‘z navbatida, nuroniylarga jamiyatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda, yoshlarni turli yot g‘oya va illatlardan asrashda, ularni yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashda, millatlararo totuvlikni, qolaversa, oilalardagi hamjihatlikni mustahkamlashda, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarda faol ishtirok etish uchun kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Tadbirda bir guruh nuroniylarga “Mehnat faxriysi”, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan “Ardoqli nuroniy”, “Ibratli ayol” hamda “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.
Uchrashuv san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Tadbirda “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev ham qatnashdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri