Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nuroniylarga ehtirom
12:45 / 2022-12-22

Mamlakatimizda keksalarni hurmat qilish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Bu borada Prezidentimizning 2022 yil 15 mart kuni “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirishning ustuvor vazifalari belgilandi.

Qaror talablaridan kelib chiqqan holda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi tashabbusi bilan Navoiy davlat pedagogika instituti “Qatag‘on qurbonlari” muzeyida “Uch avlod” uchrashuvi tashkil etildi.

Unda Navoiy shahridagi mahallalarda istiqomat qiluvchi keksalar, o‘rta avlod vakillari, institutning professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Dastlab tadbir ishtirokchilari “Qatag‘on qurbonlari” muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Muzey xodimlari esa to‘plangan eksponatlar, ularning tarixi va ahamiyati xususida so‘zlab berdi.

– Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor”, degan gap bor, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi Faxriddin Soliyev. – Keksalari bor xonadonda quvonch, fayz-baraka, xotirjamlik hukm suradi. Keksalarga ehtirom, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish esa azaliy qadriyatlarimizdan. Zero, keksalarimiz yaqin o‘tmishni bugun bilan bog‘laydigan ko‘prik bo‘lib, yoshlarni tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetishga undaydi.

Uchrashuvda yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar yoshlik davridagi qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Jumladan, Abri bobo Rahmatov, Boboqul bobo Tursunov, Muloyim momo Ashurova va boshqalar yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularga yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, bilim egallashlari lozimligi, bugungi tinch va osoyishta kunlarga shukronalik keltirish borasida o‘z fikrlarini hayotiy misollar bilan gapirib berdi.  

– Biz, keksalarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, yengilliklar, shart-sharoitlar uchun minnatdormiz, – deydi 70 yoshli onaxon Muloyim Ashurova. – Ayniqsa, Prezidentimizning “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bizga bo‘lgan e’tiborning yaqqol namunasidir. Qaror bilan mahallalarda nuroniy va keksalar bilan ishlash tizimi yanada takomillashmoqda. Turli tadbirlar tashkil etilib, izzat-hurmat ko‘rsatilmoqda. “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan keksalar va nuroniylar holidan xabar olinmoqda.

Tadbir davomida o‘zbek, rus, qozoq, qoraqalpoq tillarida kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, bir guruh otaxon va onaxonlarga sovg‘alar topshirildi.

 

A.Bo‘riyev, O‘zA