Angor tumani hokimi Qosim Mardonov, Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosarlari Zulxumor Xidirova va Abdurasul Abdurahmonov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat kengashi raisi Orziqul Soatov tumanda yashayotgan faol nuroniylar bilan uchrashib, konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 34 yilligi bilan tabrikladi.
Samimiy muloqot chog‘ida keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, milliy qadriyatlarimizni, urf-odat va noyob an’analarimizni keng targ‘ib qilish yo‘lidagi xizmatlari yuqori baholandi. Ularning mahallalarda shukronalik kayfiyatini mustahkamlash, aholi o‘rtasida hamjihatlik va totuvlikni kuchaytirishda hayotiy tajribasi muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda mahallalardagi ijtimoiy jarayonlarda nuroniylar faolligini oshirish, yoshlar tarbiyasida o‘rnak bo‘lish, mas’uliyat va vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi. Tuman infratuzilmasini yanada yaxshilash, xonadonlarda tozalik va ozodalikni ta’minlash, hududlarni obodonlashtirish va kuzgi mavsumda ko‘chat ekib, yangi bog‘-rog‘lar yaratishga e’tiborni kuchaytirish yuzasidan galdagi vazifalar belgilab olindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA