Mamlakatimizda keksa avlod vakillari e’zozlash, nuroniylarning turmush sharoitini yaxshilash, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatimizdagi rolini oshirishga doir Prezdiyentimizning o‘nga yaqin farmon va qarorlari qabul qilindi.
Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da bo‘lib o‘tgan “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida yoshlarga biriktirilgan keksalarni jamiyat hayotiga faol jalb etish, yoshlar tarbiyasida katta avlodning tajribasidan samarali foydalanish va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tashabbuslar targ‘ib qilindi.

Bugungi kunda Namangan viloyatida 373 ming nafar keksa avlod vakili, jumladan, 257 nafar front orti mehnat faxriysi e’zozu ehtiromda umrguzaronlik qilmoqda. Ularni mazmunli dam olishi, sport bilan shug‘ullanish va kitob mutolaa qilishlari uchun munosib shart-shroitlar yaratish maqsadida har bir shahar va tumanda “Nuroniylar maskani” barpo etilgan. Viloyat bo‘yicha 86 mingdan ziyod nuroniylar turizmga jalb etilib, yurtimiz va viloyatimizning diqqatga sazovor joylariga sayohatga olib borildi.
Joriy yil boshida “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida viloyat bo‘yicha 2 ming 243 nafar faol nuroniyga 22 ming 430 yosh biriktirilgan bo‘lib, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan 23 ming 506 targ‘ibot tadbirlari natijasida hozirga kelib, ularning 19 ming 200 nafari muammoli yoshlar toifasidan chiqarilishga erishildi.

Tadbir jarayonida ishtirokchilar uchta shart asosida oila va mahallalarda jinoyatchilikni kamaytirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish kabi masalalarda amalga oshirgan ishlari aks etgan chiqishlarni havola qildilar. Faoliyatga doir berilgan savollarga atroflicha javob qaytarib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, Uychi tumanidagi “Bog‘ ko‘cha” mahalla fuqarolar yig‘inining “Keksalar maslahati” guruhi rahbari Saida Ubaydullayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tanlovning respublika bosqichiga yo‘l oldi. Kosonsoy tumanidagi Iftixor mahallasidan Nasiba Haydarova hamda Chortoq tumanidagi Damariq mahallasidan Abdulloxon O‘rinboyev faxrli ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.

G‘oliblar va faol ishtirokchilar Namangan viloyati hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan diplom, pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.