Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nuroniylar shaxmatda bellashdi
14:58 / 2022-08-26

Andijonda mehnat faxriylari, nuroniylar o‘rtasida viloyat shaxmat turniri o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yillik to‘yi oldidan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida Andijon viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi, viloyat shaxmat federatsiyasi hamkorligida faxriylar o‘rtasida shaxmat turniri o‘tkazildi. Tadbirda mamlakatimizda keksalarni ardoqlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani, ayniqsa, yurtimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami arafasida ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.

Shaxmat o‘yini ommaviyligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida Andijon shahridagi “Nuroniylar maskani”da erkaklar va ayollar o‘rtasida tashkil etilgan viloyat shaxmat birinchiligi ham ana shunday tadbirlardan biri bo‘ldi.

[gallery-8507]

Shaxmat bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqasida 50 nafardan ziyod keksalar ishtirok etdi.

– Ancha yillardan buyon mehnat faxriylari, nuroniylar o‘rtasida shaxmat turniri o‘tkazilganligini eslay olmayman, – deydi musobaqa ishtirokchilaridan biri Habibullo ota Tillaboyev. – Ochig‘i bundan xursandmiz, musobaqa biz shaxmatga qiziquvchi keksalarga bayram tuhfasi bo‘ldi.

Qiziqarli bahslar ostida o‘tgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida Vohidjon Abdumutallibov, ayollar o‘rtasida Mavjudaxon Mahkamova g‘olib, deb topildi.

– Biz, nuroniylar Andijon shahri markazidagi “Nuroniylar maskani”da to‘planib, tez-tez shaxmat o‘ynab turamiz, – deydi musobaqa g‘olibi Vohidjon Abdumutallibov. – Buning uchun maskanda hamma sharoitlar yaratilgan. O‘tkazilgan musobaqa esa bizni yanada ruhlantirdi.

Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari, shuningdek, bir guruh qatnashchilar “Eng keksa ishtirokchi”, “Eng faol ishtirokchi” singari qator nominatsiyalar bo‘yicha medal, diplom, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 

F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA