Qarisi bor uyning, parisi bor, deb bejizga aytilmagan. Boisi, yoshi ulug‘ insonlar nafaqat har bir oilaning, balki jamiyatning ham tayanchi. Chunki ular hayotda ko‘rgan-kechirganlarini yoshlarga o‘rgatib, yaxshilikka, mehr va sabrga chorlaydi. Shu bois, yoshlar ularning duosini olib, tajribalaridan o‘rnak olishlari kerak.
Bu borada O‘zbekiston Milliy universitetida yaxshi an’ana yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni, keksalar va yoshlar tez-tez uchrashib, bir-birlari bilan muloqot olib borishadi. Tarix fakulteti talabalari Olmazor tumanida joylashgan “Nuroniylar maskani”ga borib, u yerda istiqomat qilayotgan keksalar holidan xabar olishdi.

Tashrif davomida talabalar nuroniylar bilan samimiy suhbat qurib, ularning boy hayotiy tajribalari, pand-nasihatlari va o‘gitlarini diqqat bilan tinglashdi. Talabalar tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etilib, keksalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mazkur uchrashuv talaba-yoshlar qalbida yoshi ulug‘ avlod vakillariga nisbatan hurmat, ehtirom va minnatdorchilik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, shuningdek, ularning hayot yo‘llaridan ibrat olishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA