So‘nggi yillarda mamlakatimizda faxriylarga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga, jamiyatimiz hayotining uzviy qismiga aylandi. O‘z navbatida, katta hayotiy tajriba maktabiga ega bo‘lgan nuroniylar har jabhada ibrat namunasini ko‘rsatmoqda.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on madaniyat markazida tashkil etilgan keng ko‘lamdagi muloqotda nuroniylarning har jabhada faol bo‘layotgani haqida so‘z yuritildi. “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov, To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Sherali Qosimov kun tartibidagi dolzarb masalalarga e’tiborni qaratdi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, zamon shiddat bilan davom etayotgan bir sharoitda bugun xalqimizning ongu shuuri yuksalgan, farovon hayot, tinch-totuv oila, komil va bilimli farzandlar, chiroyli to‘y-tomoshalarga intilish barchaning niyati. Ammo, ayrim muammolar ham borki, ularni hal etishda nuroniylar ishtiroki muhim.

Shuning uchun ham sentyabr oyida nuroniylar yordamiga tayangan holda ajrim yoqasida turgan oilalarga alohida e’tibor qaratish masalasi ilgari surildi. Endilikda har bir mahallada 15 kishidan iborat “Nuroniylar va ota-onalar kengashi” tuzilib, kerakli vazifalar yuklatildi.

Yig‘ilishda respublika “Nuroniy” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Usmonov, jamg‘armaning tuman bo‘limi raisi, faol faxriy Odilxon Xo‘jayev, O‘zbekiston Qahramoni, qishloq xo‘jaligi faxriysi Xalchaxon aya Mirzayeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, barchani faollikka chorladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.