9-may– Xotira va qadrlash kuni
Kattaqo‘rg‘on tumanida Rahmat Qobilov va Rayim Yusupov, Samarqand tumanida Ahad Ochilov, Urgutda Bo‘ron Gadoyev, Samarqand shahrida Mixail Kolmagorov.
Ular bugun Samarqand viloyatida elning e’zozida, davlatning doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lib hayot kechirayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, yuz yosh ostonasidagi pir-u badavlat nuroniylar.
Bu farishtali faxriylarning yashash manzillari, xonadonlari ko‘pchilikka yaxshi tanish. Rahbarlar ham, oddiy aholi ham yaxshi biladi. Bu faqatgina ushbu xonadonlar eshigiga qo‘yilgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qilishi to‘g‘risidagi lavha bilan bog‘liq emas, shusiz ham hamma yaxshi biladi va, ta’bir joiz bo‘lsa, uy oldidan o‘tayotganda, albatta, ichkaridagi urush faxriysiga bugungi tinch-osuda kunlar uchun ich-ichidan rahmat aytadi, minnatdor bo‘ladi.

Uzoq emas, yaqinda Navro‘z bayramida bu faxriylarga Prezident sovg‘alari yetkazildi, Ramazon hayitida avvalo ular yo‘qlandi. Viloyat hokimi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va mahalliy rahbarlar urush qatnashchilari xonadoniga borib, ular bilan dildan suhatlashdi.
Shu kunlarda faxriylarning yashash manzillari yana mehmonlar bilan gavjum, goh viloyatdan, goh tuman va shahardan kelib, ularni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 79-yilligi bilan tarbiklashyapti, urush yillari xotirlanib, bugungi kunlarga shukrona aytilmoqda.
– Ma’lumotlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushida Samarqand viloyatidan 152 ming kishi frontga jalb etilgan, front ortida fidokororona mehnat qilganlar esa bundan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Shuhrat Negmatov. – Afsuski, 73 ming nafar vatandoshimiz urush o‘choqlarida vafot etgan, ularning nomi xotira kitoblarida bitilgan. Urushdan qaytib kelganlar ham nafaqat tan jarohati, balki qalbidagi o‘sha yillar azob-uqubatlari, yo‘qotishlar tufayli paydo bo‘lgan og‘riqlar bilan yashadi. Yuzi kulib tursa-da, qalbining tub-tubida bitmas jarohatlar borligini anglash qiyin emasdi. Ular safi ham yildan yilga kamayib borayotgani ko‘ngilni og‘ritadi. O‘tgan yil viloyatimizdagi Xotira va qadrlash kuni tadbirlarida 10 nafar nuroniyimizni bayram bilan tabriklagandik, ularning g‘animat ekanliklarini his qilib, ko‘proq suhbatlarini eshitishga intilgandik. Ming afsus, bugun ular besh kishi qolgan. Har birlari qariyb asrga tengdosh, bugungi har bir kunlari asrlardek qadrli.

Davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, bu yil yurtimizda Xotira va qadrlash kuni va Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 79-yilligi “Jasorat – millat g‘ururi va iftixori” shiori ostida nishonlanmoqda. Qaror asosida urush qatnashchilari va frontorti mehnat faxriylarining salomatligini mustahkamlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash, zarur tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar allaqachon boshlangandi. Prezidentimizning bugun e’lon qilingan farmoniga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biri 20 million so‘mdan pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
– Biz shu paytgacha besh nafar urush qatnashchisining ham xonadoniga borib, ulardan hol-ahvol so‘radik, yashash sharoti bilan tanishdik, – deya so‘zida davom etadi Sh.Negmatov. – Aslida, ular har lahzada davlatimizning e’tiborini his qilib yashayapti, atrofida farzand-u nabiralari, evara-chevaralari parvona. Aytish mumkinki, go‘dakdek parvarish qilinyapti. Har bir urush qatnashchisining salomatligi hududiy poliklinikalarning doimiy nazoratida, patronaj hamshira biriktirilgan. Zarurat tug‘ilsa, viloyatdan, ixtisoslashgan tibbiy markazlar shifokorlari borib tibbiy xizmat ko‘rsatishadi, kerakli dori-darmon bilan ta’minlanadi.
Faxriylarimizga “Nuroniy” jamg‘armasining pul mukofotlari va esdalik sovg‘alarini topshirdik, shuningdek, harbiylar, mahalliy hokimliklar hamda turli tashkilotlar tomonidan bayram sovg‘alari berildi. Suhbatlarda otaxonlar urush yillari haqida so‘zlaganlarida ko‘zlari yoshlanib, safdoshlarini sog‘inch bilan eslasalar-da bugungi tinch-osuda kunlar uchun shukrona aytishdan charchamaydilar, bizni va yosh avlodni bu kunlar qadriga yetishga da’vat etadilar. Endilikda urush qatnashchilariga Prezidentimiz tabrik va sovg‘alarini hamda 20 million so‘mdan pul mukofotini tantanali topshirish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, tuman va shaharlarda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlar boshlanib, front orti mehnat faxriylari, keksa avlod vakillari va Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan harbiylar oila a’zolaridan hol so‘ralmoqda. Ayni paytda viloyatimizda 349 nafar front orti mehnat faxriysi, 2000 nafarga yaqin o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yakka-yolg‘iz keksalar istiqomat qiladi. Bu yurtdoshlarimizga ham davlat tomonidan ijtimoiy-moddiy yordam ko‘rsatilishi barobarida jamg‘arma hisobidan, shuningdek, homiylar jalb etilgan holda uy-joylari ta’mirlanyapti, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon berilmoqda.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri.