Yurtimizda “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida “Keksalar haftaligi” o‘tkazilmoqda.
Samarqand viloyatida ham haftalik doirasida madaniy-ma’rifiy va xayriya tadbirlari, nuroniylar va yoshlar uchrashuvlari, sayohatlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi “Saxovat uyi”da o‘tkazilgan tadbirda viloyat Nuroniylar kengashi faollari, samarqandlik ijodkorlar mazkur muassasada yashovchi faxriylar bilan dildan suhbat qurdi, ularga sovg‘alar topshirildi.
– Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan hisoblanadi, – deydi Samarqand viloyati mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi Sh.Negmatov. – Bugun bu fazilat davlat e’tibori darajasiga ko‘tarildi. Keyingi yillarda an’anaviy o‘tkazilayotgan mazkur haftalik ham ana shu e’tibor natijasidir. Shu kunlarda viloyatimizning barcha hududlarida haftalik doirasidagi tadbirlar davom etmoqda. Dastlabki uch kunda 4500 nafar keksa avlod vakillarining yurtimiz bo‘ylab sayohatlari uyushtirildi, 1600 nafardan ortiq bemor, to‘shakda yotib qolgan nuroniylar holidan xabar olindi. 58 mahallada tibbiy ko‘rik tashkil etilib, 300 nafarga yaqin onaxon va otaxonlarning salomatligi ko‘rikdan o‘tkazildi. 1800 nafar nuroniyga dori-darmon, 39 nafariga reabilitatsiya vositalari tarqatildi. Hokimliklar va homiylar yordamida 2200 nafar keksalar xonadonlariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Bundan tashqari, barcha mahallalar, ta’lim muassasalarida nuroniylar va yoshlar uchrashuvlari, sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Bulung‘ur pedagogika kollejida tumandagi keksa avlod vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, bunda keksalarga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritildi.
– bugungi tadbir mamlakatimizda nuroniylarning qay darajada e’tiborda ekanligidan darak beradi, – deydi tuman Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi Ochil Ahmedov. – Haftalik davomida yolg‘iz keksalar xonadoni hashar asosida obodonlashtirilmoqda, malakali shifokorlar tomonidan nuroniylar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilyapti.
Bu tadbirlar, keksa avlod vakillarining umriga umr qo‘shib, nafaqat oila a’zolari, balki jamiyat e’tibori, e’zozida bo‘lishini ta’minlaydi.
G‘.HASANOV,
O‘zA