«Nuroniy» jamg‘armasi respublika boshqaruvi tashabbusi bilan Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 300-umumiy o‘rta ta’lim maktabida «Uch avlod uchrashuvi» ma’rifiy tadbiri tashkil etildi.
Prezidentimizning joriy yil 11 martdagi «Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan tashkil etilgan tadbirga tumanda istiqomat qilayotgan mehnat faxriylari, mahalla faollari taklif etildi.


Huroniylar o‘quvchilarga hayot yo‘llari va tajribalari, hayoti davomida duch kelgan qiyinchiliklar, ularni matonat va iroda bilan yengib o‘tganlari haqida so‘zlab berdi.
– Mamlakatimizda yoshlarning o‘qib-izlanishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan, — dedi «Nuroniy» jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev. – Davlatimiz tomonidan biz keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnunmiz.

Tadbirda uzoq yillar mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan yoshi ulug‘larning ibratli hayot yo‘li, erishgan yutuqlari sarhisob qilinib, yoshlar ularning davomchilari ekanligi e’tirof etildi.
N.Rahmonova, O‘zA