O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi Xatirchi tumani hokimligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda nuroniylar o‘rtasida sportning shaxmat turi bo‘yicha musobaqa uyushtirdi.
Prezidentimizning 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan mazkur musobaqada 60 yoshdan yuqori bo‘lgan nuroniylar ishtirok etdi.

Musobaqa Xalqaro shaxmat federatsiyasi tomonidan tasdiqlangan qoidalarga asosan olimpiya tartibida o‘tkazildi.
Xatirchidagi qizg‘in va murosasiz kechgan bahsda 1-o‘rinni Ikrom Karvon mahallasida yashovchi 64 yoshli Ermamat Ro‘ziyev, 2-o‘rinni Paxtakor mahallasida yashovchi Shavkat Abdurahmonov va 3-o‘rinni Xo‘jaqul obod mahallasida yashovchi Abduhakim Hamdamov egalladi. “Eng yoshi ulug‘ shaxmatchi” nominatsiyasi esa 75 yoshni qarshilagan Ahmad bobo Rahmatovga topshirildi.
G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri