Shu kunlarda yurtimizning barcha go‘shalarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Keksalar haftaligi” o‘tkazilmoqda.
Haftalik doirasida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Ushbu haftalik doirasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan ham keksa avlod vakillariga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning turmush sharoitini yaxshilash, mazmunli hayot kechirishlarini ta’minlash, boy hayotiy tajribalaridan keng foydalanish maqsadida Karmana tumani “Do‘rman” mahalla fuqarolar yig‘inida sportning shaxmat turi bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada tumandagi “Do‘rman” “Qahramon” va “Kumushkon” mahallalaridan nuroniylar ishtirok etdi. Qizg‘in kurashlarga boy tarzda o‘tgan musobaqada birinchi o‘rinni Karmana tumani “Do‘rman” mahallasida yashovchi 63 yoshli keksa otaxon Farhod Rajabov egalladi.

G‘olib va sovrindorlar fond viloyat bo‘limi tomonidan taqdirlandi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA