Nuroniy san’atkorlar e’zozda
Toshkent viloyati Bekobod tumani Madaniyat markazi Folklor maktabi jamoasining faol a’zosi, milliy an’analarimizning jonkuyar targ‘ibotchisi sifatida e’tirof etilgan, xalqimiz orasida betakror folklor namunalari bilan mehr qozongan Rohatoy Mamatqulovaning 81 yillik tavallud ayyomiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Rohatoy Mamatqulova “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mukofotni madaniyat vazirining o‘rinbosari Murodjon Majidov topshirar ekan, onaxonning milliy madaniyatimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini alohida e’tirof etdi.

Tadbirda Rohatoy Mamatqulovaning ibratli hayot yo‘li, boy ijodiy faoliyati va milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash yo‘lidagi fidokorona xizmatlari e’tirof etildi.
Nuroniylar, jamoatchilik vakillari, san’at ixlosmandlari ishtirokida samimiy tabriklar va rang-barang madaniy dastur namoyish etildi.
Milliy folklor san’atimiz targ‘ibotchisi Rohatoy aya Mamatqulova timsolida xalqimizning azaliy an’analari, mehmondo‘stlik fazilatlari yana bir bor ulug‘landi.
N.Usmonova,
O‘zA