Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nuroniy bo‘ldim, deb dam olishga haqqimiz yo‘q
18:53 / 2021-08-09

Toshkent viloyati Piskent tumanidagi "Toshkent dengizi oromgohi"da “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.

Unda viloyat rivojiga munosib hissa qo‘shgan, turli sohalarda samarali faoliyat ko‘rsatgan faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar va faol yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov barchani “Mustaqilligimizning o‘ttiz yilligi bayrami bilan chin yurakdan muborakbod etdi. Yillar davomida hudud rivojiga ko‘p hissa qo‘shgan, turli jabhalarda samarali mehnat qilgan faxriylarga o‘zining iliq tilaklarini bildirdi.

Shundan so‘ng Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga muvofiq “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan “Maksam-Chirchiq» aksiyadorlik jamiyatining madaniyat saroyi direktori o‘rinbosari Lyudmila Filippovaga davlat mukofoti tantanali ravishda topshirildi.

O‘zbekiston Xalq shoiri Mahmud Toir so‘zga chiqib, iliq tilaklarini bildirdi. Viloyat faxriylarining zaxmatli mehnatini, yoshlar erishayotgan yutuqlari, ayniqsa, sportchilarning muvaffaqiyatlarini alohida e’tirof etdi.

Tadbirda elimiz xizmatidagi san’atkorlar ijrosidagi konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Faxriylar va yoshlar ko‘rkam dasturxon atrofida dildan suhbatlashdi.

– Xalqimizda “Oltin olma duo ol...”, degan hikmat bor, – deydi Toshkent viloyachti Nuroniy jamg‘armasi kengash a’zosi Abdumajid Shodiyev. Hozir viloyatimiz yoshlari egallayotgan yutuqlar, yuqori natijalar barchamizni g‘ururlantiradi. Shu bilan birga, davlatimiz tomonidan nuroniylarga ham alohida e’tibor berilyapti. Aslida nuroniy bo‘ldim deb dam olishga, kundalik hayotimizda bo‘layotgan keng ko‘lamli ishlardan chetda qolishga haqqimiz yo‘q. Yillar davomida toplangan tajribalarimizni endi shogirdlarimizga o‘rgataylik. Mahallada yoshlarni egri yo‘llarga kirib ketishiga befarq bo‘lmay, ularga doim halol bo‘lishi uchun maslahatlarimizni berish burchimizdir.

– Olimpiadadagi natijasiz ishtirokimdan so‘ng biroz tushkunlikka tushib qolgan edim, – deydi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Tursunoy Rahimova. – Biroq bu uchrashuv bizga o‘zgacha taassurot bag‘ishladi. Yurt ravnaqi yo‘lida umrini bag‘ishlagan insonlar bilan gaplashib, ularning maslahatlarini oldim. Kelgusida ularning ishonchini albatta oqlaymiz.

Ishtirokchilarga Toshkent viloyati hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.Musayev, O‘zA