Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Nurli xonadon”lar soni yana bittaga ko‘paydi
17:50 / 2025-07-18

Sirdaryo viloyatida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatadigan “Nurli xonadon”lar soni yana bittaga ko‘paydi.

Navbatdagi shunday markaz Mirzaobod tumanida tashkil etildi. Markazda 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tajribali mutaxassislar tomonidan ta’lim-tarbiya, ijtimoiy moslashuv ko‘nikmalari, reabilitatsiya va ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tiladi.

Mazkur tashabbus psixolog Xurshida Abdug‘afforova tomonidan amalga oshirildi. U o‘z xonadonini markaz sifatida faoliyat yuritishi uchun moslashtirib, o‘quv xonalari, bolalar uchun o‘yin burchaklari va dam olish joylarini tashkil etdi.

– Eng muhimi nogironligi bo‘lgan bolalar doimiy e’tibor va mehrga muhtoj. Shuni inobatga olgan holda xonadonimni “Nurli xonadon”ga aylantirdim. Buni o‘zim uchun insoniy burch va kelajak oldidagi mas’uliyat deb bilaman, – dedi H. Abdug‘afforova.

Markazda mashg‘ulotlar nutqni rivojlantirish, ijtimoiy moslashuv, mayda motorika va ijodiy faollikni oshirishga qaratilgan bo‘lib, ular tajribali pedagoglar tomonidan individual tarzda olib boriladi. 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan sakkizta “Nurli xonadon”da jami 73 nafar nogironligi bo‘lgan bola qamrab olingan. Ulardan 35 nafari “Kambag‘al oilalar reyestri”dagi oilalar farzandlaridir.

– Ushbu xizmat turi ota-onalarga farzandini ishonchli qo‘llarga topshirgan holda mehnat faoliyatini davom ettirish, oilaviy daromadni oshirish imkonini beradi, — dedi agentlikning viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Nargiza Jo‘rayeva.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri