Qiz bola dunyoga kelar ekan, yelkasida ulkan bir mas’uliyat turadi. Oila sha’ni, ota-ona nomusi, aka-uka g‘ururi. Ular faqatgina oila qurishi, farzand tarbiyalashi kerak bo‘lgan qarashlar singdirilgan holda kamol topadi. Biroq bu qarashlarni unutmagan holda kelajagi va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun harakat qilayotgan qizlarimiz borligi bizning yutug‘imiz, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Gulhayo Ravshanova deganda viloyatimizning ko‘pchilik yoshlari havas bilan boqadigan, kattalar uni kamtarligi uchun ardoqlaydigan vatanparvar inson namoyon bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida ota-onasi uchun jonkuyar farzand, qaynota-qaynonasi uchun suyukli kelin, turmush o‘rtog‘i uchun vafoli rafiqa, viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida mas’uliyatli xodim, Navoiy viloyati “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbari kabilarini kichik bir jussasida ko‘tarib yurishning o‘zi katta jasorat.

Vaqti kelsa yigitlardan o‘tadigan g‘ayrat-shijoatini ko‘rib hayratda qolsam, odamiyligi, samimiyligi, jonkuyarligini ko‘rib har bir onaning qizi, har bir qaynonaning kelini xuddi uningdek bo‘lsa, oilalarda baxt, quvonch arimasdi, deb o‘ylayman.
Albatta, qilingan mehnat samarasiz ketmaydi, mukofotini oladi. Joriy yil 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, G. Ravshanova “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi.

Bugun ko‘ksida “Kelajak bunyodkori” medalini g‘urur bilan taqib yurgan Gulhayo bu kunlarga yetib kelguniga qadar qanchadan-qancha mashaqqatlarni boshidan kechirmadi, ne-ne sinovlarda toblanmadi. Shunda ham u hech qachon taslim bo‘lmadi. Dastlab o‘qish uchun tayyorlandi, mag‘lubiyatni ham his qildi. Qayta va qayta harakatlari natijasida talaba ham bo‘ldi. Tahsil olgan dargohida eng namunali talaba bo‘la oldi. Bir vaqtning o‘zida ham ishlab, ham o‘qish oson bo‘lmasa-da u buni uddaladi. Nurota chashmasining zilol suvlaridan ichib ulg‘aygan Gulhayoning tomirlarida vatanparvarlik, rostgo‘ylik, adolat tuyg‘ulari jo‘sh urayotganini uning olib borayotgan loyihalarida, amaliy ishlarida yaqqol ko‘rish mumkin.

U olis hududlardagi xotin-qizlar orzu-o‘ylari bilan yashaydi. Ularning kelajagi, ertasi uchun harakat qiladi. U dastlab Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi huzuridagi “Qizlar ovozi” loyihasi koordinatori bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. Turli loyiha va takliflari bo‘lgan qizlarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, turli sabablar bilan yo‘lini topolmay, manzilidan adashgan qizlarga o‘zining oqilona maslahatlarini berib to‘g‘ri yo‘lga solgani, bugun esa ular jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topayotgani ham, ayni haqiqat.
Uning bu mehnatsevarligi bizning fayzli dargohimizga yetaklab keldi. Uch yillik faoliyati davomida u olis qishloq va ovullardan tortib, shahar markazida yashab kelayotgan ijtimoiy-himoyaga muhtoj bo‘lgan ayollarga, tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan qizlarga kasb-hunar hamda tadbirkorlikni o‘rganishiga ko‘makdosh bo‘lmoqda.
Bugun yangicha fikrlaydigan, o‘z kelajagini mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq holda ko‘radigan yangi avlod vakillari hayotga dadil kirib kelmoqda. Gulhayo ham ular safida. Ishonamanki, u ham Vatanimizning ertangi kunini belgilab beradigan yetuk kadr bo‘lib, yurtimiz taraqqiyoti rivojida o‘zining beminnat hissasini qo‘shadi.
Gulsanam NOROVA,
Navoiy viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi direktori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
O‘zA