An’anaviy xalqaro anjuman – Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumida 200 nafardan ziyod xorijiy mutaxassis ishtirok etmoqda. Ulardan biri – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Seytimov. Hamdo‘stlik vakili anjumandan kutilayotgan natija, qabul qilinajak hujjatlar va tuzilmaning ekologiya yo‘nalishidagi faoliyatiga alohida to‘xtaldi:
– Tadbirda muhokama qilinayotgan masalalar nafaqat dolzarb, balki chinakam hayotiy ahamiyatga ega. Atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish va tabiiy-iqlim barqarorligi o‘rtasidagi muvozanatni topish inson tirikligining muhim shartiga, farovon turmush kalitiga aylanmoqda.
Insoniyatning barqaror rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan iqlim o‘zgarishi salomatlik, suv va oziq-ovqatdan foydalanish, xavfsiz, toza va sog‘lom atrof-muhitda yashash huquqiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Shu ma’noda o‘z aybimiz tufayli ekologiyada yuz berayotgan halokatli o‘zgarishlar ko‘lamini anglab yetish juda muhim.
Butun dunyo mamlakatlari qatori Hamdo‘stlik a’zolari ham iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatishga qaratilgan uzoq muddatli strategik dasturlar qabul qilmoqda. Bu jarayonda aholining ehtiyojmand qatlami talabi va huquqi alohida e’tiborga olinmoqda.
Bu muammoni faqat sa’y-harakatlarni birlashtirish, ya’ni inson uchun qulay yashash sharoiti yaratish, salbiy o‘zgarishlarning oldini olish, barqaror rivojlanishni ta’minlash orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin.
Shu bois ham “Atrof-muhit muhofazasi sohasida hamkorlik qilish, ekologik xavfsizlikning keng ko‘lamli xalqaro tizimini shakllantirishda ishtirok etish” Hamdo‘stlik davlatlarining umumiy muvofiqlashtiruvchi institutlari orqali teng huquqli asosda amalga oshiriladigan qo‘shma faoliyat sifatida MDHni tuzish to‘g‘risidagi Bitimga kiritilgan.
MDH davlatlari Davlatlararo ekologik kengashi shunday muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi. Tuzilma a’zolari tashabbusi bilan Hamdo‘stlikda tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik, ekologik madaniyatni shakllantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishni rag‘batlantirish kabi turli masalalarga taalluqli iqlim kun tartibiga doir, atrof-muhitdan foydalanishni takomillashtirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilingan.
Xullas, atrof-muhitga salbiy ta’sirni samarali kamaytirish, tabiiy majmualarni tiklash, biologiya va landshaft xilma-xilligini saqlash, iqlimga ta’sirni minimallashtirishda davom etish butun dunyo hamjamiyati kabi MDH mamlakatlari oldidagi muhim vazifa.
MDHning 2030 yilgacha iqtisodiy rivojlanish strategiyasini amalga oshirish tadbirlari rejasida tabiiy resurslardan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Ekologik toza yonilg‘i turlari, noan’anaviy va tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, energetikani innovatsion rivojlantirish va ushbu sohada ilg‘or texnologiyalar yaratish shular jumlasidan.
Ekologiya masalasini ta’lim va madaniy dasturlarga kiritish, to‘plangan tajribani zamonaviy ilmiy bilim bilan integratsiya qilish jamiyatda insonni tabiiy tizim va bioxilma-xillikni saqlash, tabiat bilan uyg‘un yashashga undaydigan qadriyatlar tizimini shakllantirish imkonini beradi.
Shundan kelib chiqib, Hamdo‘stlikda aholi, ayniqsa yoshlarni ekologik tarbiyalash masalasiga alohida urg‘u beriladi. 2030 yilgacha bo‘lgan davrda xalqaro yoshlar hamkorligi Strategiyasiga muvofiq, yoshlarda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmasini, ekologik ongni va ijobiy ijtimoiy motivni shakllantirish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
MDHga a’zo davlatlar barqaror rivojlanishini, aholi hayotda yuqori sifatli salomatlikni faqat atrof-muhitni sog‘lomlashtirish orqaligina ta’minlash mumkin.
Umumiy vazifamiz – atrof-muhitni himoya qilish va kelgusi avlod uchun asrash. Ishonchim komilki, forumda ko‘rib chiqiladigan masalalar atrof-muhit muhofazasini me’yoriy-huquqiy jihatdan tartibga solish, suv resurslarini kompleks boshqarish, foydali qazilmalar konlarini o‘zlashtirishda ekologiya xavfsizligini ta’minlash, texnogen ekologik va boshqa tabiiy ofatlar oqibatini yumshatish bo‘yicha to‘plangan tajribani umumlashtirish imkonini beradi.
Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.
O‘zA muxbiri