Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli “Nuriston” dala-o‘quv maydoni ochildi.
Tadbirda Mudofaa vazirligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat hokimligi mas’ullari, faxriylar, faol yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bir paytlar mazkur poligonda harbiy xizmatchilar qisqa vaqt davomida turli palatkalar va vagonlarda qiyin sharoitlarda yashab, o‘quv mashqlarini o‘tkazishgan. Hududda olib borilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida poligonda zamonaviy sharoitlarga ega majmua barpo etildi. Zamonaviy kutubxona, 600 kishilik oshxona, dam olish xonalari, tibbiyot punkti, yopiq va ochiq o‘quv xonalari, yopiq va ochiq turdagi sport zallari, uncha-muncha zamonaviy mehmonxonani ham ortda qoldiradigan keng va yorug‘ yotoqxonalar harbiy xizmatchilar ixtiyoriga topshirildi.
Tumanning Turkmaniston Respublikasi bilan chegara hududidagi 35 ming gektar hududni egallaydigan o‘quv maydonining 16 ming gektardan oshiq qismida turli sharoit va vaziyatlardagi urush strategiyalari bo‘yicha harbiy mashq o‘tkazish mumkin. Shuningdek, majmuada bir vaqtning o‘zida 600 nafar harbiy xizmatchining yashab, mashq o‘tkazishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Tantanali tadbirda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Yurtimizda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirish, milliy armiyamizning qurol-yarog‘ bazasini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarga yetarli shart-sharoitlarni yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, hududlarda harbiy-ma’muriy sektorlarning tashkil etilishi mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalq yakdilligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan barpo etilgan “Nuriston” dala-o‘quv maydonining foydalanishga topshirilishi ham bu boradagi islohotlarning yaqqol namunasidir.
Aytish joizki, bugungi kunda turli davlatlarda harbiylar o‘rtasida nufuzli harbiy-sport musobaqalari tashkil etilmoqda va hamyurtlarimiz ushbu musobaqalarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Zamonaviy ko‘rinish kasb etgan “Nuriston” dala-mashq maydonida esa harbiy xizmatchilarning ana shunday yirik musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi, qolaversa, xalqaro darajadagi yirik sport musobaqalarini o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Mirzayev ishtirok etdi.
O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV (surat), O‘zA