Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurdan yaralsa boylik...
12:15 / 2026-01-01

Siymolardan biri

Kompyuterimda uzoq yillardan buyon ishlatib kelinayotgan “Siymolar” degan kattagina fayl papka – mavjud. Kim haqida nima yozgan bo‘lsam yoki u kishi qandaydir material yuborgan bo‘lsa, hammasini  bir joyga saranjomlab qo‘yganman. 

Mana, bugun filologiya fanlari doktori (2004), “Shuhrat” medali (2002), “Do‘stlik” ordeni (2023) sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (2005) a’zosi, professor (2011) Nurboy Abdulhakimovich Jabborovga ham navbat yetib keldi. U 60 ni to‘ldirdi. G‘alvirni, yo‘q, balki to‘rni suvdan ko‘taradigan yosh. To‘g‘rimi? To‘rga kam baliq ilingan bo‘lsa, u yengilgina tortiladi. Ko‘p baliq tushgan bo‘lsa-chi? Ana shunda statistikaga suyanishga majbur bo‘lamiz. Axir, to‘rdagi katta-kichik hamma baliqlarni bir-bir sanashga to‘g‘ri keladi-da.

Tomir

Bir gal taniqli adabiyotshunos va san’atshunos, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Shuhrat Rizayev bu olim ukamizning Qashqadaryo viloyatiga qarashli Dehqonobod tumanidagi Otkamar qishlog‘ida yashovchi  100 yoshga yetgan otasi Abdulhakim bobo ziyoratiga borganini hayajon bilan so‘zlab berdi.  Aytganlarini umumlashtirib ifodalashga to‘g‘ri kelsa, u taxminan: “Ana,     nuroniylig-u, mana, nuroniylik! Ana, ilm-ma’rifat-u, mana, fahm-farosat! Ana, iymon-u, mana, e’tiqod!” – dedi. 

O‘shanda ko‘ngilda kechgan bir nozik fikrni Shuhratjonga aytishga ulgurmadim.    Hozir – mavridi: bir ziyoli jamiyatda bo‘y ko‘rsatib, el-ulus orasida tanilib qolsa, bilingki, qadimda uning yetti pushtidagi ajdodlari orasidan kimlardir umrini o‘zini yuksaltirishga bag‘ishlagan, jamiyatda boshqalardan ko‘ra bir baxya yuqoriroq pog‘onalarga yetgan bo‘ladi. Biz g‘o‘zaning viltga chidamliligini tekshirganda, yetti emas, yetmish “pusht”ini   o‘rganamiz-u, odamga kelganda... Yana bilmadim. Bu – ham ojizona, ham jaydari bir xulosam, xolos.

Har holda, qariyb qirq yillik ijod davomida 815 nomda ilmiy, ilmiy-ommabop va ilmiy-publitsistik material e’lon qilish shunchaki (ruscha aytganda, “ordinarnыy”) kishining ishi emas. Shundan 10 ga yaqini – monografiya yoki risola. 

Yo‘l

Bosib o‘tilgan yo‘lga qarang: maktab (1973 – 1983), hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti(O‘zMU)ning O‘zbek filologiyasi fakulteti (1983 – 1990, orada ikki yil armiya xizmati), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi  Hamid Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar institutida katta laborant, aspirant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, doktorant (1990 – 1998), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti  va folklori  institutida doktorant (1998-1999), O‘zMU “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” kafedrasi dotsenti (1999 – 2004), O‘zMU “Matnshunoslik, milliy uyg‘onish va hozirgi o‘zbek adabiyoti” kafedrasi mudiri (2004 – 2010, 2006 – 2010 yillarda o‘rindoshlik asosida), O‘zMU O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani (2006 – 2016), Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik” kafedrasi professori (2016-2017), shu kafedra mudiri (2017 yildan hozirga qadar).

Bular – olimning asosiy mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlar. 

Muvozana

Katta yo‘llarning ikki biqinida muvozana (parallel) ravishda  kichik yo‘llar ham bo‘ladi. Olimlarning o‘rindoshlik asosidagi ishlarini o‘shalarga mengzash – o‘rinli.

Jamiyat faol olimdan haddi a’losida foydalanishga harakat qilaveradi.  O‘rindoshlik asosida O‘zMU “Matnshunoslik, milliy uyg‘onish va hozirgi o‘zbek adabiyoti” kafedrasi mudiri (2006 – 2010), O‘zMU “O‘zbek adabiyoti va matnshunoslik” kafedrasi mudiri (2013 – 2015) bo‘lib ishladi. Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi Attestatsiya komissiyasi raisi (2015-2016), Toshkent islom universiteti huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash va Ilmiy seminar a’zosi (2017-2018), O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi (keyinchalik Innovatsion rivojlanish vazirligi) filologiya fanlari bo‘yicha ekspert komissiyasi raisi (2017 – 2019) bo‘lgan. 

Ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash va Ilmiy seminar a’zosi (2017 yildan buyon), Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash raisi o‘rinbosari, Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisi (2018 yildan buyon), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyotshunoslik va adabiy tanqid kengashi raisi (2018 yildan buyon). 

Noshirlik savobi

U nashrga tayyorlagan mumtoz adabiyot namunalari, uning to‘plovchiligi, muharrirligi yoki taqrizchiligida chop etilgan ilmiy to‘plamlar – qancha. Rosti gap, o‘zing yozgan narsalarni to‘plab, tartibga solib, bir kitob holiga keltirish – qanchalar mashaqqatli bir ish. Ko‘plar eringanidan o‘z bitiklarini to‘plamlar qilib ulgurmaydi ham. Shunday ekan, bu olimning  Abu Homid G‘azzoliy, Jomiy, So‘fiy Allohyor, Ogahiy, Furqat, Muqimiy, Ibrat, Abdulloh ibn Mas’ud, Mullo Olim Maxdum Hoji, Sharif Yusupov, Begali Qosimov va boshqalar asarlarini, “Bobo Ravshan” xalq dostonini nashrga tayyorlaganidagi mehnatning miqyosini ko‘z oldingizga keltiring. Yana qancha-qancha kitobga muharrir, taqrizchi, so‘zboshi muallifi bo‘lgan. Jumladan, kaminaning “Suv – ilohiy ne’mat” (2009) kitobiga ham taqrizchilik qilgan.

Shogirdparvarlik

Olimlarning hammasi ham shogirdparvar bo‘lavermaydi. Masalan, Izzat Sulton, Matyoqub Qo‘shjonov kabi uzoq umr ko‘rgan akademiklar, nari borsa, to‘rt-besh shogird chiqargan. Bir dissertatsiya ishiga ilmiy rahbarlik qilish uchun ham xayrixohlik, bag‘rikenglik, sabr-bardosh, eng muhimi, vaqt ajratish – kerak. 

Yaqinda universitetlar rektorlari ishtirokidagi bir jiddiy yig‘ilishda  professor Baxtiyor Mengliyevning 78 nafar shogird yoqlattirgani, shuning 21 nafari fan doktori ekani fakti aytilganda zal qarsak chalib yubordi. Axir, u mamlakatga shuncha kadr tayyorlab bergan-da.

Shu ma’noda Nurboy domla  ham – peshqadam ustozlardan. Shu paytgacha uning ilmiy rahbarligida 8 fan doktori, 6 fan nomzodi, 23 falsafa doktori va 75 nafar magistrlik dissertatsiyasi yoqlandi. Dissertatsiyaga rasmiy opponent bo‘lish ham – jiddiy, mas’uliyatli ish. U 9 fan doktori, 6 nomzodlik va 29 falsafa doktori dissertatsiyasiga rasmiy opponent bo‘ldi. 

“Reglamentning o‘zbekchasi

Birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun borganmiz (2000). Dolarimizga xos diksiya bor. Ovozning jarangiga ham gap – yo‘q. Bu kishida muallimlarga xos nutqni sal-pal cho‘zish ham begona emas. Axir, oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchisi  80 daqiqa ma’ruza o‘qib, o‘rganib qolgan-da. Nurboy domla avj bilan so‘zlab yotibdi. Yana Abdulla A’zam, Rahmon Qo‘chqor va kamina so‘zga chiqishi – kerak. Bunday kezda kimdir so‘zni cho‘zsa, bu,  albatta, boshqalarni kamroq gapirishga majbur qilish hisobiga bo‘ladi. Shuning uchun majlisni boshqarayotgan viloyat hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha  o‘rinbosari kaminadan: “Aka, “reglament” so‘zining o‘zbekchasi nima bo‘ladi?” – deb so‘radi qulog‘imga pichirlab. “O‘ylab olay, hozir aytaman”, – dedim. Zalda minbar pastroqqa – o‘rtaga o‘rnatilgan. Ma’ruzachi yuqorida o‘tirgan rayosat a’zolariga teskari turib olib gapiradi Minbar bir chekkaga qo‘yilgan bo‘lsa-ku, ma’ruzachining ko‘zi tushganda imo qilish  mumkin bo‘lar edi. 

Shu mahalda notiq bir jiddiy gapni uqtirgan bo‘lib, zalga: “To‘g‘rimi?!” – deb murojaat qilgan edi: “Yashang!” – dedim oldimda turgan mikrofonni yonimga tortib. Domla hushyorlik bilan gap nimadaligini darhol ilg‘adi. “Xulosaga o‘tyapman. Hozir tugataman”, – dedi orqasiga o‘girilib...

Hokim o‘rinbosari xursand bo‘lib ketib: “Bilib oldim: “reglament”ning o‘zbekchasi “yashang” bo‘lar ekan”, – dedi qulog‘imga...

Akademiya saboqlari

Kimgadir yoqar yoki yoqmas, kamina poytaxtimizdagi olimlarga tabiiy tarzda ikkiga bo‘lib qaraymay: akademiya tizimidan chiqqan olimlar, akademiya tizimini ko‘rmagan olimlar. O‘zimcha orada qanday-qanday farqlar borligini ham bilaman. Shu ma’noda bu ukamiz, avvalo, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimida tadqiqotchi  bo‘lib shakllangan. Shu dargohda dastlab nomzodlik (1994), keyin esa doktorlik (2004) dissertatsiyasini yoqlagan. Keyin oliy ta’lim tizimiga o‘tgan. 

Navoiyshunoslar tasnifi

Navoiyshunoslarimizni ham, shartli ravishda, uch toifaga bo‘lamiz. Birinchi toifaga Navoiy ijodi bo‘yicha ham nomzodlik, ham doktorlik dissertatsiyalari yoki ulardan birini yozib yoqlaganlar (A. Hayitmetov, H. Sulaymonov, A. Abdug‘afurov, S. Erkinov, S. G‘aniyeva, Yo. Ishoqov, M. Muhiddinov, Q. Ergashev, Sh. Sirojiddinov, M. Asadov, H. Eshonqulov, O. Davlatov, I. Ismoilov, F. Olimov va boshqalar) kiradi.  Nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyasida, jumladan, Navoiy ijodini ham o‘rganganlar(R. Orzibekov, I. Haqqulov, A. Bagirov va boshqalar)ni kiritamiz. Nurboy domla uchinchi toifaga kiradi. Bular –nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyasi boshqa davr adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lsa ham, keyinchalik qiziqib, Navoiy ijodini o‘rganish bilan ham shug‘ullanganlar (A. Qayumov, N. Komilov, B. Qosimov, N. Jumaxo‘ja, N. Jabborov va boshqalar). A. Qayumov, N. Komilov. N. Jumaxo‘ja, N. Jabborovlar – aynan XIX asr o‘zbek adabiyoti bo‘yicha mutaxassis. Lekin butun mumtoz adabiyotimizni tarozining bir pallasiga qo‘yib, Navoiyning ijodini ikkinchi pallasiga qo‘ysak, bu yog‘i bosib ketadi-da o‘zi ham. Shuning uchun hammaning ham  kuchini Navoiy ijodini o‘rganish borasida bir sinab ko‘rgisi kelaveradi.

N. Jabborovning “Maoniy ahlining sohibqironi” monografiyasi ham navoiyshunoslikka bag‘ishlangan. O‘zbek tilida ikki karra chop etildi. U keyinchalik fors tiliga o‘girilib, Eronda ham bosilib chiqdi (2025). 

Mumtoz adabiyot tadqiqi markazlari

Yillar mobaynida o‘zbek mumtoz adabiyotini o‘rganishning markazlari shakllandi. Tabiiyki, birinchi galda Fanlar akademiyasining hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida Abduqodir Hayitmetov, keyin Ibrohim Haqqul, hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida  Hamid Sulaymonov va keyin Aziz Qayumov, hozirgi O‘zMUning  O‘zbek filologiyasi fakultetida G‘ulom Karimov, hozirgi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida  Natan Mallayev, keyin Hamidjon Homidov, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Vohid Abdullayev, keyin Botirxon Valixo‘jayev, so‘ng Muslihiddin Muhiddinov boshchiligida ajoyib bir ilmiy markazlar faoliyat olib bordi. 

Nurboy Jabborov avval O‘zMUda mumtoz adabiyot tadqiqotchilari guruhiga rahbarlik qildi. O‘zMUdagi hamda O‘zbekiston milliy pedagogika universitetidagi O‘zbek filologiyasi fakultetlari bazasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi. Bu yerda  akademik Shuhrat Sirojiddinov boshchiligida mumtoz adabiyotni o‘rganadigan kuchli bir guruh yuzaga keldi. So‘nggi bir necha yillar mobaynida, hatto, bu universitet o‘zbek mumtoz adabiyoti tadqiqi bo‘yicha mamlakatning yetakchi markaziga aylandi ham. Bunda aynan shu yo‘nalishdagi kafedra mudiri sifatida Nurboy Jabborovning ham munosib hissasi – bor.

 Tahririyat maktabi

Ilm va jurnalistika. Bu ikkalasi bir narsa emas, albatta. Ba’zilar jurnalistika bilan ilmni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishni ko‘p yaxshi ko‘radi. To‘g‘ri, fanda jurnalistik ommaboplik, batafsillik yoki mafkuraviylik ketmaydi. Biroq fikrni puxta-pishiq, tushunarli, ravon ifodalash borasida ilm ahli jurnalistikadan ko‘p-ko‘p narsa o‘rganishi kerak va zarur. Chunki ommaviy axborot vositalari fakt yo fikrni qanday tarzda taqdim etishning ahamiyati juda katta. Rus tilida buni “podacha” deyishadi. Keyin tahririyatlarda tahrir san’atini egallaysiz. Ilmiy ishlarda ko‘pincha aynan shu ikki narsa yetishmaydi.

Jurnalistika fakultetini bitirgan, “Vobkent hayoti”, “Buxoronoma”, “Toshkent oqshomi” gazetalari, “O‘zbek tili va adabiyoti”, “Naqshbandiya”, “Tafakkur” jurnallari tahririyatlarida ishlagan qalamkash sifatida aytamanki, Nurboy domlaning o‘rindoshlik asosida “Fidokor” gazetasi  bo‘limi mudiri (1999 – 2003), “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bo‘limi mudiri, bosh muharriri o‘rinbosari (2003 – 2005), “Tafakkur” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari (2005 – 2008) bo‘lib ishlagani uning qalamini toza charxladi.

Din ilmi

Bir gal bizga hozirgi O‘zMUning Jurnalistika fakultetida XX asr o‘zbek adabiyotidan ta’lim bergan ustoz Abdug‘afur Rasulov domla bilan Samarqand davlat universitetiga ilmiy-amaliy anjumanga borib keldik. Yo‘lda: “Sizga bir nozikkina savolim – bor”, – dedilar-da: “Mana, ustozingiz Najmiddin Komilov ham, siz ham, falonchi ham Navoiy ijodini tahlil qilib, maqolalar yozasizlar. Orada farq, boringki, qarama-qarshilik – yo‘qmi?” – deb so‘radilar. Bu savol bekorga berilmagan edi. Birinchidan, bu uch tadqiqotchi matbuotda bir-biriga qarshi hech narsa yozmaydi. Ikkinchidan, o‘sha kezlari rahmatli domlani o‘z kafedradoshlari, filologiya fanlari doktori, professor Sanjar Sodiq matbuotda ko‘p urib chiqqan edi.

Albatta, o‘zing bilan bevosita bog‘liq savolga ochiq-sochiq javob berib bo‘lmaydi. Har xil talqin etilishi – mumkin-da. Ikkinchidan, mumtoz adabiyot tadqiqotchilari sirini zamonaviy adabiyot tadqiqotchisiga oshkor etishdan ne naf – bor? Oradagi farqlarning hammasini aytgim kelmadi. Bir oz o‘ylab olib: “Navoiyga munosabatda ustoz Najmiddin Komilov bilan kamina qarashlari o‘rtasida g‘oyaviy-mafkuraviy qarama-qarshilik – yo‘q. Biz – u kishining maktabidan chiqqan shogirdmiz. Lekin anavi uchinchi tadqiqotchi haqlarida nima desam ekan? Qisqa qilib aytganda, u kishining Navoiyga munosabatlarida diniy-irfoniy bilim ozlik qiladi”, – dedim.

Kutilmagan bu javobdan keyin ustoz bir lahza ko‘zni yumib olib, o‘yladilar-da: “Tushundim. Zo‘r javob bo‘ldi. Qolgan hamma jihatlari shuning ichida ekan”, – dedilar rahmatli.

Bu gaplarni keltirishdan aniq-tiniq maqsad – bor. Nurboy domla raisligida o‘tkazilgan bir muhokamada qatnashishga to‘g‘ri keldi. Bir olim ishga sal boshqacharoq yondashdi. Oylar o‘tib, bir izdihomda ikkalamiz ko‘rishib qolib, o‘sha yig‘ilishni eslashdik. “O‘shanda xato pozitsiyada turildi. Akaning diniy-irfoniy bilimi pastligini bilinib qoldi”, – dedi. 

Bu shunchaki gap emas. Ming yillik o‘zbek yozma adabiyoti tadqiqotchisining diniy-tasavvufiy bilimga ega bo‘lmasligi adabiy asar tub mohiyatini to‘g‘ri va to‘la anglab yetmaslikka olib keladi. Buning yoniga aruz ilmini puxta bilishni ham qo‘shamiz.

2002 yili otamiz vafotlari munosabati bilan o‘tkazilgan ma’rakada, o‘sha payt taomiliga ko‘ra, uch-to‘rt qori qiroat qilib turdi. Farg‘ona vodiysidan kelgan, bir jome masjid filialida imomlik qiladigan Nabixon amakim ular orasida Nurboy domlaning qiroatini alqab qoldilar.

“Madaniyat va ma’rifat” telekanali bir debat o‘tkazdi. Nurboy domla bilan ikkalamiz ikki qarama-qarshi tarafga tushib qoldik. Kamina maktablar va filologiya yo‘nalishida kadr tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarida aruz yaxshi o‘qitilmasligini pesh qilaverdim. Kazo-kazo xonandalar, man-man degan suxandonlar ham aruzni buzib ijro etayotganiga misollar keltiraverdim. Nurboy domla O‘zMU O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani sifatida oliy ta’lim tizimida aruz yaxshi o‘rgatilayotganini pesh qilaverdi. Oxiri gap aylanib o‘tgan asrlarda bobo-bibilarimiz aruzni biz kabi she’r tarzida emas, ashuladay qilib o‘qigani haqida ketdi. Shunda domla bir jo‘shdi-ku: aruziy g‘azallarni bir asr burungi qiroat usullariga solib, bir o‘qidi, bir o‘qidiki... 

Diniy-tasavvufiy bilimlarga egaligi uchun u “Maoniy ahlining sohibqironi” monografiyasidagi “Alisher Navoiy va islom ma’rifati”, “Futuvvat g‘oyasi va fatiy obrazi”,  “Arba’in”da ma’rifiy mazmun va badiiy shakl mutanosibligi”, “Siroj ul-muslimin”da fiqh masalalarining badiiy ifodasi” kabi fasllarni yozdi. 

Ilmiy haqiqatga sadoqat

Beayb – Parvardigor. Banda aybsiz bo‘lmaydi, demakki, xato qilmaydigan olim topilmaydi. Hamkasblar orasida bir xatongizni topib olsa, quvonib ketadiganlar ham bor-da. Ular tezroq shuni matbuotda chiqarib, obro‘y qozonishi lozim-da... Yo‘q. Xatoni o‘sha olimning yuziga   aytgan – ma’qul. Xatosini tuzatadi, olam – guliston.

8-sinf uchun “Adabiyot” darslik-majmuasi(2006, 2010, 2014, 2019)da kamina Navoiyning bir g‘azali yaratilgan davri haqida xato bir fikr aytgan ekanman.  Matbuotda tanqid qilindi. Keyingi nashrlarda tuzatildi. Ammo shundan keyin ham o‘sha xatoni topgan domla televideniyeda chiqish qilib: “Falon yildan falon yilgacha maktab o‘quvchilariga falon g‘azalning yaratilgan davri haqida xato fikr berib kelindi”, – deb qoraladi-da. Holbuki, Navoiy g‘azallarining yozilish sanasini qayd etmagan. O‘sha tanqid qilingan g‘azalning yozilish sanasi uning mazmun-mohiyatiga aloqador ham emas.

Nurboy domlaning Bokuda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumandagi ma’ruzasini ZOOM orqali eshitdim. Navoiy “Farhod va Shirin”idagi bir so‘z xato talqin etildi. Ya’ni:

Ko‘ngul bermish so‘zumga turk, jon ham,

Na yalg‘uz turk, balkim turkmon ham, –

 baytidagi “turkmon” so‘zini olim “turk bo‘lmaganlar” deb talqin qildi. Kamina 2001 yili “Tafakkur” jurnalida chop etilgan “Navoiy va turkiy qavmlar” sarlavhali maqolada bu so‘z aynan turkmanlarni anglatishini yozgan edim. Albatta, “turkmon”, “tukrmoniy til” deganda buyuk shoir umumiy ma’noda bugungi tushunchadagi o‘g‘uz guruhidagi turkiy tillar, ya’ni turkman, ozarboyjon va turk tillarini ko‘zda tutgan. Qo‘ng‘iroq qilib, bu so‘zni nega bunday talqin etganini so‘rasam, “Devonu lug‘ot it-turk”da shunday talqin borligini aytdi. Erinmay izlab, bu buyuk lug‘atdan ayni so‘zning “turk bo‘lmaganlar” degan talqinini topmadim. Keyin taniqli tilshunos Qosimjon Sodiqovdan so‘radim. U kishi ham bunday talqin yo‘qligini tasdiqladilar. Keyin Nurboy domlaga buning xatoligini uqtirdim.

2025 yil fevralida Toshkent agrar universitetida navoiyxonlik tadbirida ikkalamiz ham ma’ruza qildik. Nurboy domla “Farhod va Shirin”dagi shu faxriya baytlarni keltirdi. Lekin “turkmon” so‘zini “turk bo‘lmaganlar” tarzida talqin etmadi. 

Chunki, axir, ilmiy haqiqat chin olim uchun hamisha ustun turadi-da.

Zukkolik

Askiyaning “oltin” qoidalaridan biri – shuki, suhbatdosh ilmoqli qilib gap qotsa, o‘tkazib yuborish – kerak. Masalan: “Gulmisiz, rayhonmisiz, jambulmisiz?” – deyilsa, aslo uchalasidan birini aytib qo‘ymang. Naqd baloga qolasiz. Chunki savolni bergan har biriga badaningizdan o‘tib ketadigan javoblarni avtomatning o‘qiday tayyorlab turibdi-ku. “Aytganingiz”, – deysiz mujmal qilib. Ana endi tutsinu olsin.

1 yanvar – Nurboy Jabborovning tug‘ilgan kuni.  Yaqinda qo‘ng‘iroq qilib, salom-alik tugar-tugamas:

  • Qanday kunlarga qoldig-a! – dedim. “Unday” desa, “bunday”, “bunday” desa, “unday” deb “cho‘qiyman”, deb, tayyorlanib turibman desangiz.
  • Shuni ayting! – desa, bo‘ladimi?

Yumshashga majbur bo‘ldim:

  • Hali tug‘ilib ulgurmagan bola: “Shuni ayting!” – deb tursa-ya?! 

Rag‘bat

Sezgan bo‘lsangiz, olim yaratgan tadqiqotlarning ilmiy ahamiyati, adabiyotshunosligimizdagi o‘rni haqida fikr-mulohaza bildirishga fursat yetmadi. Ammo buni badal (kompensatsiya) qilish imkoni – bor hali.

Ijod ahli orasida u yer-bu yerda mukofotlarga nisbatan undayroq-bundayroq gaplar aytilayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Yana bilmadim-u, chamamda bunday gaplarni mukofot olmaganlar tarqatadi. Ehtimol, taqdirlashda oliy darajadagi adolatga erishib bo‘lmas. Unaqasiga ham, bunaqasiga ham, kattadir-kichikdir – har qanday mukofot qalamkash ko‘nglini ko‘taradi, unga ayricha kuch-quvvat, rag‘bat bag‘ishlaydi. Mas’uliyat ham yuklaydi, albatta. Shunga loyiq bo‘lishga, yana yaxshiroq ishlashga undaydi. Buni hech kim inkor etolmasa kerak.

Nurboy domla, davlat mukofotlaridan tashqari, Fanlar akademiyasi Rayosatining yosh olimlar uchun yillik mukofoti (1996), respublika ijodkorlari “Vatan uchun yashaylik!” an’anaviy ko‘rik-tanlovi birinchi o‘rin (2020), “Nizomiy Ganjaviy” xotira nishoni (2021, Ozarboyjon), “Maoniy ahlining sohibqironi” monografiyasi uchun “Yilning eng yaxshi asari” Respublika tanlovida birinchi o‘rin (2021), Ozarboyjon Milliy ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti “Adabiyotshunoslik ilmiga dastak” mukofoti (2023), Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Alisher Navoiy” medali (2023) sohibi. 

 Bularni sanashgina – oson. Zamirida qancha mehnat-mashaqqat, jonbozlik-fidoiylik yotganini tushungan tushunadi.

Kafolat

60 yoshga kirgunga qadar erishilgan bu yutuqlar, qilingan shuncha katta ishlar olimning kelajakda bundan ham ko‘p va xo‘b tadqiqotlar yaratishi uchun kafolat beradi. 

Biz bunga ishonamiz.

Sultonmurod OLIM,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

O‘zA