Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Nurbuloq” jamoasi tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi
11:37 / 2025-06-18

FOTOREPORTAJ

Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Sport vazirligi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqalari yoshlarning harbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni jismonan chiniqtirish, eng asosiysi, yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda samarali omil bo‘lib xizmat qilmoqda.  

[gallery-23938]

Termiz shahridagi harbiy qismda ushbu musobaqaning Surxondaryo viloyat bosqichi o‘tkazildi. Unda 18-22 yosh toifasida tuman va mahalla bosqichlaridan saralangan 15 jamoa 6 ta asosiy shart bo‘yicha bahslarga kirishib, yuqori sport va harbiy tayyorgarlik darajasini namoyish etdi.  

Ishtirokchilarning mahorati turnikda tortilish, orqada yotgan holda tanani ko‘tarish, qo‘l granatasini uzoqlikka uloqtirish, qisqa va uzoq masofaga yugurish, AK-74 avtomatini qismlarga ajratib-yig‘ish, saf tortish hamda merganlik shartlari asosida baholandi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida Sariosiyo tumani “Nurbuloq” mahalla jamoasi birinchi o‘rinni egallab, navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldi.  Muzrabot tumani “Chegarachi” mahalla jamoasi va Termiz shahridagi “Navro‘z” mahalla jamoasiga ikkinchi va uchinchi o‘rinlar nasib etdi.

Yakunida barcha g‘olib va faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA