Atoqli navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi mudiri, professor Nurboy Jabborov alloma bobomiz Alisher Navoiy adabiy merosini yurtimiz va xorijda targ‘ib etishda faollik ko‘rsatayotgan ijodkor ziyolilardan sanaladi.
Nurboy Jabborov qalamiga mansub Alisher Navoiy merosining badiiy-estetik tafakkuri, irfoniy qarashlari hamda tasavvufiy dunyoqarashini yoritishga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot Turkiya Respublikasida chop etildi.
Ushbu nashr Navoiy ijodini chuqur falsafiy talqin asosida o‘rganishga yo‘naltirilgani bilan alohida e’tiborga sazovor.

“Maoniy ahlining sohibqironi” nomi bilan o‘zbek tilida nashr qilingan mazkur kitob Turkiyaning Ko‘nyo shahrida faoliyat yurituvchi Atlas Akademi nashriyoti tomonidan ““Ali Şir Nevaî’nin İrfani Dünyası” sarlavhasi ostida turk tilida kitobxonlar e’tiboriga havola etildi.
Asrda buyuk mutafakkir, shoir bobomiz ijodidagi ma’naviy kamolot, komil inson konsepsiyasi hamda irfoniy tafakkur masalalari manbalar asosida atroflicha tahlil qilingan.
Mazkur nashrning turk tilida chop etilishi tashabbusi taniqli adabiyotshunos olim, professor Kemal Yavuz Atamanga tegishli bo‘lib, u kitobning ilmiy mas’ul muharriri sifatida ham faoliyat yuritgan.Tarjima jarayoni va muqova dizayni Beyza O‘zer tomonidan amalga oshirilgan.
Kitob turk o‘quvchilari uchun sodda, tushunarli va ilmiy izohlar bilan boyitilgan holda tayyorlangani bilan ahamiyatli.
Ushbu ilmiy tadqiqotning qardosh Turkiya zaminida nashr etilishi professor Nurboy Jabborovning navoiyshunoslik sohasidagi izlanishlari xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.
Ayni paytda bu yangilik Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy maktabining nufuzi yuksalib borayotganini hamda xalqaro ilmiy hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
N.Usmonova,
O‘zA