French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurali Qobul: “Dunyoda kitob yoqishdan ham katta jinoyat bor, bu kitob o‘qimaslikdir!”
10:24 / 2022-02-04

Yozuvchining asarini o‘qib, u bilan suhbatlashgan yaxshi.

    Ammo u bilan jonli uchrashib so‘roqqa tutish, mahoratini o‘rganish, o‘zaro fikr almashish zavqi bo‘lakcha. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi “Umid” to‘garagining taniqli yozuvchi Nurali Qobul bilan joriy yildagi ilk uchrashuvi ana shu maqsadda tashkil etildi. 



2022 yildan boshlab to‘garak davom etadi. To‘garak faoliyati doirasida bo‘lajak yosh nosirlarga ijodiy yo‘l-yo‘riqlar berish, nasrning o‘ziga xos xususiyatlari, qonuniyatlari va qiyinchiliklari, unda g‘oyaning birlamchi ekanligi borasidagi saboqlar o‘tish bilan birga, “Yonimizdagi daryolar” ruknida iste’dodli ijodkorlar, o‘zbek nasri darg‘alari bilan uchrashuvlar, suhbatlar, mahorat darslari olib boriladi. 

To‘garakning birinchi soni mehmoni o‘zining «Salom tog‘lar», «Tubsiz osmon», «Kaptarlar qaytmagan tun» , «Yashash uchun kechikma», «Unutilgan sohillar», «Oq kaptarlar», «Bug‘doy pishig‘iga yetmaganlar», «Sen vatansan, muhabbat», «Vatandan yaxshi yor o‘lmas», «Sukut suiqasdi» kabi asarlari bilan o‘zbek nasrini boyitgan iste’dodli yozuvchi Nurali Kobuldir.  

Nurali Kobul 1950 yil 2 yanvarda Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi O‘smat qishlog‘ida tug‘ilgan. Farg‘ona Davlat universitetining Tarix fakultetini tamomlagan. U 25 jildlik «Temuriylar» epopeyasi va o‘n ikki jildlik roman pamfletlar muallifi Sh.Jo‘rayev ijrosidagi mashhur «Sharshara», «Yaralgan», «Oq qayin», «Siz buyuksiz» qo‘shiqlarining, Munojot Yo‘lchiyeva xaqidagi «Munojot» filmi ssenariysi muallifi. Asarlari dunyoning barcha yetakchi tillariga tarjima qilingan. 

– Oramizda hali xizrsifat insonlar bor, shuning uchun yer yuzi go‘zal shaklda turibdi, – deydi Nurali Qobul. – Kamchiliklar ham yo‘q emas. Muammolarsiz yashayapmiz, deb ham bo‘lmaydi. Dunyoda kitob yoqishdan ham katta jinoyat bor. Bu kitob o‘qimaslikdir. Afsus, kishilarning kitob o‘qishga bo‘lgan e’tibori juda pasayib ketdi. Avvallari kitob ortidan mashina olsa bo‘lardi. Hozir aksincha, kitob chiqarish uchun bitta mashinani puli ketib qolyapti. AQSHda o‘t yoquvchi ham kitob o‘qiydi, kezi kelsa bizda akademikman, degani ham kitob o‘qimayapti...Yoshlarga badiiy asar yozishdan oldin ko‘proq o‘qishni tavsiya qilaman. Ana shunda ijodkor so‘zga boy, badiiy tasvirga usta bo‘ladi. 

Uchrashuvda Afg‘onistondagi “Bonu” televideniyesi rahbari Azizillo Orol ham ishtirok etdi va yosh ijodkorlar qiziqtirgan savollarga javob berdi. 

– Ma’rifat izlab yurgan o‘zbek yoshlarini ko‘rib bugun xursand bo‘ldim, – deydi Azizullo Orol. – Katta yozuvchi Nurali Qobul ijodiga befarq emasman. Uning insoniyligi, e’tiborliligi va badiiy adabiyot uchun cheksiz xizmati alohida e’tirofga loyiq. Muxlis sifatida u kishi bilan bir zamonda yashaganimdan mamnunman. Nurali Qobul bilan ko‘plab ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Endigi faoliyatimni O‘zbekiston bilan bevosita bog‘lamoqchiman. Ilmiy, ijodiy ishlarimda Nurali Qobuldek do‘stlar ko‘magi kerak bo‘ladi.  

Ijodiy uchrashuvda to‘garak a’zolaridan birining hikoyasi yozuvchi Nurali Qobul tomonidan “Xolis fikr” loyihasida tahlil qilindi. Mahoratli yozuvchi tomonidan bo‘lajak nosirlarga zarur bilim va ko‘nikmalar berildi. 

Ijodiy uchrashuvni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq olib bordi. Yozuvchi Nurali Qobul hayoti va ijodi haqida yig‘ilganlarga qiziqarli ma’lumotlar taqdim etdi. Shuningdek, yozuvchining hayot yo‘li, ijodiy tajribasidan o‘rnak olish kerakligi xususida gap bordi. 


D. Mamatova, O‘zA