English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurafshonliklarning quvonchi cheksiz
11:22 / 2024-11-28

Buxoro viloyati Shofirkon tumani Nurafshon mahallasida 40-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bolajonlar uchun o‘z eshiklarini ochdi.

Keyingi yillarda Nurafshon mahallasida aholi soni oshgani sabab farzandlar uchun bolalar bog‘chasiga ehtiyoj sezildi. O‘tgan asr 80 yillarida bunyod qilingan bog‘cha binosi bugungi kun talabiga javob berolmasligi uchun uning o‘rnida yangi inshoot qurilishi boshlangandi.  

Maktabgacha ta’lim tashkilotining avvalgi binosi 40 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ikki guruhdan iborat moslashtirilgan muassasada 3 nafar tarbiyachi jajji o‘g‘il-qizlarga bilim va tarbiya bergan. Tabiiyki, bog‘cha yetarli darajada infratuzilmaga ega emas edi. Issiqlik tizimi yo‘qligi sababli tashkilot mavsumiy ishlab, qishda esa faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan.  

Hududda yangi bolalar inshooti qurilishi uchun qiymati 3 milliard 150 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Pudratchi “Jo‘ynav city savdo baraka” MCHJ tomonidan bunyodkorlik ishlari sifatli amalga oshirildi. Endilikda muassasa 120 nafar bolajonni o‘z bag‘riga olish imkoniga ega bo‘ldi.  

– Yangi zamonaviy bog‘cha barcha zarur sharoitlarga ega bo‘lib, issiqlik tizimidan tortib, bolalar uchun qulay o‘quv va o‘yin xonalari, yotoqxona, oshxona, xavfsiz o‘yin maydonchalari, hatto ta’limning ilg‘or usullarini qo‘llash imkoniyatlari ham yaratilgan, – deydi muassasa mudirasi Gulchehra Jo‘rayeva. – Bu nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalari uchun ham ayni kutilgan imkoniyat bo‘lib, mahallada sifatli ta’lim olish imkonini yaratdi.  

Barpo qilingan ikki qavatli muassasani foydalanishga topshirish tadbirida tuman hokimligi, mahalla faollari, ota-onalar va qurilish tashkiloti vakillari ishtirok etdi. Binokorlar jamoasiga alohida minnatdorlik bildirildi. Tadbir ishtirokchilari muassasada bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.  

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri